“Qoʻsh koʻprik”liklarning koʻp yillik orzusi ushaldi
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Oltinkoʻl tumanida aholiga munosib turmush sharoitini yaratish borasida koʻplab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Yoʻl, elektr energiyasi, tabiiy gaz, tibbiyot, xalq taʼlimi, aholini ish bilan taʼminlash, tomorqachilik va tadbirkorlikni rivojlantirish, qoʻyingki, barcha sohalarda oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Jumladan, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash borasida ham keng koʻlamdagi ishlar olib borildi. Birgina 2024-yilning oʻzida 5700 metr masofaga suv tarmogʻini tortish, 2 ta suv qudugʻi va 1 ta suv tozalagich uskunasining oʻrnatilishi orqali 400 nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlangan boʻlsa, 650 nafar hamyurtlarimizga xizmat koʻrsatish sifati yanada yaxshilandi. Masalan, “Qoʻsh koʻprik” mahallasi tumandagi eng qadimiy manzillardan biri hisoblanadi. Qariyb yuz yillik tarixga ega ushbu hududda aholi suvni maʼlum masofadan tashib kelardi.
— Ushbu mahallada ichimlik suvi tarmogʻi mavjud boʻlmaganligi bois aholi suvni 1-2 km. uzoqdan tashib kelishlariga toʻgʻri kelgan, — deydi “Andijon suv taʼminoti” AJning tumandagi filiali xodimi Shahobiddin Ahmedov. — Hududlar infratuzilmasini oʻrganish jarayonida har bir xonadonda xatlov oʻtkazildi. Aholi bilan yuzma-yuz suhbatlar uyushtirilib, murojaatlari tinglandi. Shundan soʻng mavjud muammolarni bartaraf etish choralari koʻrildi. Ichimlik suvi taʼminotini yoʻlga qoʻyish boʻyicha xayrli ishlarga kirishildi. Natijada 3,1 km masofaga tarmoq tortilib, 200 ta xonadon ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Bitta suv qudugʻi va minorasi oʻrnatilishi orqali mahalladagi mavjud xonadonlarning har biriga suv joʻmraklari olib kirildi.
Hududda yuzaga kelgan bunday oʻzgarishlardan aholi minnatdor. Oʻzingiz tasavvur qiling, yetmish, sakson, hatto yuz yillar davomida orzuga, yechimsiz muammoga aylangan ichimlik suvi taʼminotining qisqa muddatda yoʻlga qoʻyilishi ushbu mahallada yashovchi aholi uchun kutilmagan hodisa boʻldi. Bu ham respublikamizda xalq farovonligi yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlarning ijobiy samarasidir.
— Shu mahallada yetmish uch yildan beri yashab kelmoqdaman, — deydi mehnat faxriysi Ahmadali Hamdamov. — Mahallamizda suv taʼminotiga doir qurilish ishlariga kirishilganida, ishongim kelmagandi. Bu oʻzgarishlar koʻz oʻngimizda namoyon boʻldi. Hozir har birimizning xonadonimizga ichimlik suvi kirib keldi. Oilamiz bilan xursand boʻlib, shu ishlarga bosh boʻlganlarni duo qilyapmiz.
Ayni paytda tumanning suvlashganlik darajasi 87 foizni tashkil etmoqda. Oʻtgan yilda bu koʻrsatkich 82 foizdan iborat edi. Hududlarni kompleks rivojlantirishga doir saʼy-harakatlar natijasida yil yakuniga qadar suvlashganlik darajasi 91 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring