Qoraqalpoq milliy taomi — “Baliq qarma” geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiga xos boʻlgan taomlardan biri — “Baliq qarma” milliy taomi geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgani haqida Adliya vazirligining “Intellektual mulk yangiliklari” rasmiy Telegram kanali xabar berdi.
Bu taom Orol dengizi va Amudaryo deltasiga yaqin hududlarda shakllangan qadimiy ovqatlanish anʼanalari, baliqchilikka tayanuvchi turmush tarzi, shuningdek, oʻziga xos tayyorlash usuli bilan ajralib turadi. “Baliq qarma” tarkibida pishirilgan baliq, shoʻrva, 1×1–2×2 sm oʻlchamdagi quritilgan xamir boʻlaklari hamda sabzavotlar ishlatiladi. Shoʻrvaning yuzasidan olingan yogʻ mayda toʻgʻralgan piyoz ustiga quyilib, taomga oʻziga xos taʼm va hid beradi.
Qoraqalpogʻistonga mamlakatimizning boshqa hududlardan hamda chet eldan tashrif buyurgan mehmonlar ushbu taomni bir isteʼmol qilib, uni taʼriflashga soʻz topa olmaganiga koʻp guvoh boʻlganmiz. Ularning koʻpchiligi taomda ortiqcha bezaklar yoʻq va koʻrinishi unchalik jozibador boʻlmasa-da, uning mazasini tatib koʻrib hayratga tushganini yashira olmaydi.
Geografik koʻrsatkich sifatida roʻyxatdan oʻtkazilishi “Baliq qarma” nomi va anʼanaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy himoya qiladi, sifat standartlarini mustahkamlaydi hamda Qoraqalpogʻistonning hududiy gastronomik brendini targʻib etish imkonini kengaytiradi.
Gʻayrat OTAJONOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Oʻzbekistonning 7 ta moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari AYSESKO roʻyxatiga kiritildi
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- Erkaklar ayollarga nisbatan koʻproq kaloriya isteʼmol qilishi kerakmi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring