Qoraqalpogʻistondan Toshkentgacha boʻlgan masofani velosipedda bosib oʻtgan yurtdoshimiz vazir tomonidan taqdirlandi

13:02 07 Sentyabr 2021 Sport
853 0

Beruniylik Ravshan Yaqshimuratov endi shunday velomarafonni Markaziy Osiyo davlatlari boʻylab uyushtirishni maqsad qilgan

Xalqimizning eng ulugʻ va eng aziz bayrami – Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumanida doimiy yashovchi yurtdoshimiz Ravshan Yaqshimuratov yolgʻiz oʻzi velosipedda Beruniydan Toshkent shahriga qarab yoʻlga chiqqan edi. U “Qudratli Oʻzbekistonning oʻtmishi va kelajagi buyuk” shiori ostida yakkalik velomarafon oʻtkazish tashabbusini ilgari surgan va ushbu tashabbus toʻliq qoʻllab-quvvatlangandi.

Istiqlolimizning 30 yillik bayrami shukuhi kezib yurgan shu ulugʻ kunlarda Ravshan Yaqshimuratov poytaxtimiz Toshkentga yetib keldi. Uni Toshkent shahriga kiraverishda Turizm va sport vazirligi masʼul xodimlari kutib olishdi.

Velosayohatchini Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov qabul qildi. Uchrashuvda R.Yaqshimuratov boshlagan xayrli tashabbusning ahamiyati, uning turizm va sport sohalari rivoji, ayniqsa ichki turizmni ommalashtirish borasidagi oʻrni muhim ekanligi taʼkidlanib, yurtdoshimizga vazirlik tomonidan yangi, zamonaviy velosiped sovgʻa qilindi.

Ravshan Yaqshimuratov samimiy qabul va eʼtibor uchun minnatdorlik bildirar ekan, yaqin orada nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyo davlatlari boʻylab “Doʻstlik” velomarafonini uyushtirish maqsadi borligini, bu orqali oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, tojik va turkman xalqlari oʻrtasida doʻstona aloqalarni yanada mustahkamlashni targʻib qilishga oʻz hissasini qoʻshish niyatida ekanligini bildirdi.

Oʻz navbatida A.Abduhakimov ushbu gʻoyani qoʻllab-quvvatlagan holda Turizm va sport vazirligi velosayohatchiga amaliy yordam berishga tayyor ekanligi, davlatlararo oʻtish, viza va boshqa tashkiliy masalalarda vazirlikning masʼul xodimlariga bemalol murojaat qilishi mumkinligini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?