Qoraqalpogʻistonda “Joʻxori gurtik kuni” keng nishonlanmoqda

18:20 25 Fevral 2025 Jamiyat
218 0

Gʻayrat OTAJONOV/“Xalq soʻzi”. Bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasi shahar va tumanlarida, mehnat jamoalarida, oʻquv yurtlarida “Joʻxori gurtik kuni” koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazilmoqda. Sana munosabati bilan Nukus shahridagi Qoraqalpoq etno ovulida tashkil etilgan bayram tadbirida joʻxori gurtik taomini pishirish, milliy urf-odatlar, madaniy merosga oid koʻrgazmalar namoyish etildi.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining talabalar turarjoyida ham qoraqalpoq xalqining milliy taomi — joʻxori gurtik tayyorlashga puxta hozirlik koʻrildi.

— Mana, 3 yildirki talabalar bilan birgalikda “Joʻxori gurtik kuni”da ushbu taomni pishirib, bayram sifatida nishonlash anʼanaga aylangan, — deydi Talabalar turarjoyi direktori Miyoʻagul Qallibekova. — Bugun institutning “Argoniya” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan talabalar turarjoyida bayram munosabati bilan joʻxori gurtik tayyorlandi. Tadbir davomida ota-bobolarimizdan meros boʻlib kelayotgan urf-odatlar, anʼanalar va qadriyatlar haqida suhbatlashamiz, oʻzaro fikr almashib, tariximiz va madaniyatimiz haqida maʼlumotlar beramiz. Bu bayram talabalar oʻrtasida ham katta qiziqish uygʻotadi. Ular qoraqalpoq xalqining milliy taomi — joʻxori gurtik va uning tayyorlanishi haqida maʼlumotlarga ega boʻladi. Albatta, bu bayram orqali biz yurtimizning oʻziga xos madaniyati, tarixi, urf-odatlari va milliy taomimiz hisoblangan joʻxori gurtikni dunyoga tanitishga hissa qoʻshamiz.

Bayram kechasida institutning yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori vazifasini bajaruvchisi Q.Reymov ishtirok etib, yoshlar oʻrtasida milliyligimizni targʻib qilishga hissa qoʻshayotgan talabalar turarjoyi jamoasiga va pedagog-tarbiyachilariga minnatdorlik bildirdi. Talabalar milliy liboslarda xalqimizning qiz-yigitlar aytishuvini oʻtkazib, shu bilan birga, milliy anʼanalarimiz, ularning tarixi haqida qimmatli maʼlumotlarga ega boʻldi.

Bayram tadbiri doirasida talabalar turarjoyi jamoasi, nuroniy onaxonlar va yoshlar birgalikda milliy taomni dasturxonga tortdi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, 2023-yildan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasida 25-fevral jamoatchilik tashabbusi asosida “Joʻxori gurtik kuni” sifatida nishonlanib kelinmoqda. Har yili shu sanada aholi katta hamjihatlik namunasini koʻrsatib, nafaqat oilalarda dasturxon atrofida, balki mehnat jamoalari, oʻquv yurtlarida, umumiy ovqatlanish maskanlarida ham yuqori koʻtarinkilik bilan oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?