Qoraqalpogʻistonda besh nafar Oʻzbekiston Qahramoni chiqqan oliy dargoh yangi binoli boʻldi

14:02 30 Avgust 2024 Jamiyat
120 0

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida oʻtkazilgan “Sen tabarruk dargohisan bilimning!” nomli tadbir yangi oʻquv binosining tantanali ochilish marosimiga bagʻishlandi.

Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev soʻzga chiqib, ishtirokchilarni mamlakatimizda keng miqyosda nishonlanayotgan Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligi bilan tabrikladi. Qoraqalpogʻistondagi dastlabki oliy taʼlim muassasasi – Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining yangi oʻquv binosi foydalanishga topshirilishi bayramga munosib tuhfa boʻldi.

Bu institut nafaqat respublikamiz, butun Markaziy Osiyoda oliy taʼlim sohasida oʻz oʻrniga ega. Institut bitiruvchilari orasidan 5 nafar Oʻzbekiston Qahramoni, 6 nafar akademik, koʻplab davlat va jamoat arboblari, turli soha fidoyilari yetishib chiqqan.

— Davlat byudjeti hisobidan 76 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, institutimizga ikki ming oʻrinli yangi oʻquv binosi qurib berildi, — deydi Nukus davlat pedagogika instituti rektori vazifasini bajaruvchisi Quvondiq Qodirov. — Zamonaviy oʻquv va maʼruza auditoriyalari, eng soʻnggi texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriyalar, IT-inkubatsiya, axborot-resurs markazlari, registrator ofisi hamda boshqa koʻpgina qulaylik va imkoniyatlar yaratilgan. Bugungi kunda institutimizda talabalar soni 17 mingga yaqin.

Eʼtiborlisi, ushbu yangi bino institutning 90 yillik toʻyiga, shu bilan birga, oliy taʼlim muassasasiga ismi berilgan buyuk shoir Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligiga munosib sovgʻa boʻldi.

Tadbir ishtirokchilari yangi oʻquv binosida talabalarning tahsil olishi, ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shugʻullanishi, egallagan bilim va koʻnikmalarini mustahkamlashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?