Qoraqalpogʻiston Respublikasida kanallarni betonlashtirish qizgʻin olib borilmoqda

16:35 26 Yanvar 2024 Jamiyat
845 0

Prezidentimiz raisligida 2023-yilning 29-noyabrida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishda belgilab berilgan vazifalar doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasining barcha tumanlarida kanallar va ichki ariqlarni betonlash ishlari jadal surʼatda davom etmoqda.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, “Qoraqalpogʻistonsuvqurilishinvest” davlat muassasasi masʼul rahbarlari va pudratchi-quruvchi tashkilot rahbarlari hamda loyihachi masʼullar bilan birgalikda “Shirin-jap” kanalining betonlash jarayonlari oʻrganildi.

— Mazkur kanalni betonlash ishlarini sifatli va loyihada koʻrsatilgan talablar asosida amalga oshirish uchun tajribali mutaxassislar va barcha zarur texnika va asbob-uskunalarni jalb qilganmiz, — deydi “Bunyodkor Janubiy SQB” MCHJ boshligʻi D. Yusupov. — “Shirin-jap” kanalini rekonstruksiya qilish hukumatimizning tegishli qarori asosida 2024-yil davlat dasturiga kiritilgan. Bugungi kungacha obyektda 2,8 kilometr uzunlikda 4458 metr kub tuproq qazilib, betonlash ishlariga tayyorlandi. Shu bilan birga 538 metr uzunlikda kanalda 279,0 metr kub betonlash ishlari amalga oshirildi. Obyektda 10 dona maxsus texnikalar hamda 80 nafardan ortiq ishchi-xodim faoliyat olib bormoqda.

Obyektda amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganishda ishtirok etgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazir B. Juzbayev “Shirin-jap” kanalining betonlash ishlarini sugʻorish mavsumigacha yakunlash zarurligini taʼkidlab, “Qoraqalpogʻistonsuvqurilishinvest” davlat muassasasi direktori I. Mambetov hamda “Bunyodkor Janubiy SQB” MCHJ boshligʻi D. Yusupovlarga betonlash ishlarini jadallashtirish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.

Eʼtiborlisi, Qoraqalpogʻistonning shimoliy hududlarida hozirgi kungacha bu kabi tub qismigacha toʻliq betonlangan kanal yoʻq edi. Prezidentimizning yuqorida keltirilgan topshiriqlari asosida ilk bor Xoʻjayli tumanidagi “Tashli jap” va “Shirin jap” kanallarida 2024-yildan shu kabi betonlash ishlari boshlandi.

Kanallarni betonlash ishlarining suv yoʻqotishlarning kamaytirishdagi ahamiyatini birgina “Shirin jap” kanali misolida oladigan boʻlsak, suvning tezligi oshishi hamda yerga singib ketishining oldi olinishi natijasida yiliga oʻrtacha 1,5 mln. metr kub suv iqtisod qilinib, 23 ta fermer xoʻjaligining 1 ming 670 gektar yer maydoni kafolatli suv bilan taʼminlanishiga erishiladi. Kanal “Suyenli” magistral kanalidan suv olib, tumandagi “Mustaqillik”, “Sarishungul” va “Amudaryo” OFY hududidagi fermerlar va aholining tomorqa maydonlarini suv bilan taʼminlaydi.

Xoʻjayli tumanidagi “Shirin jap” kanali 1993-yilda qurilib foydalanishga topshirilgan. Loyihaviy suv oʻtkazish qobiliyati sekundiga 1,5 metr kubni tashkil qiladi. Kanalning tubini loyqa bosib, koʻlami kichrayishi hisobiga suv oʻtkazish qobiliyati sekundiga 0,5 metr kubga pasaygan va foydali ish koeffitsiyenti 0,65 ga tushib qolgan edi. Rekonstruksiyadan soʻng kanalning foydali ish koeffitsiyenti 0,65 dan 0,90 ga koʻtarilishi kutilmoqda.

Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер