Qoraqalpogʻiston Respublikasida investitsiya loyihalari ijrosi oʻrganildi

11:49 25 Dekabr 2025 Siyosat
331 0

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Alisher Agzamxodjayev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining ijro holati oʻrganildi.

Oʻrganish jarayonida hududda investitsiya va grantlar asosida amalga oshirilayotgan, eksport va turizmni rivojlantirish hamda yangi ish oʻrinlari yaratishga xizmat qilayotgan loyihalarning bajarilishi tahlil qilindi.

Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Qoraqalpogʻiston Respublikasini jadal rivojlantirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasini 2025–2026-yillarga moʻljallangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida hududga 3,1 mlrd AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etish hamda 120 tadan ortiq yangi korxonalarni ishga tushirish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Ishchi guruh Xoʻjayli, Kegeyli, Nukus, Qoraoʻzak va Qoʻngʻirot tumanlarida xorijiy investitsiyalar ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Xususan, ularni oʻz vaqtida ishga tushirish, yangi korxonalar tashkil etish, qoʻshilgan qiymat zanjirini kengaytirish hamda mahsulotlarni eksportga chiqarishga koʻmaklashish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, AQSH, Birlashgan Arab Amirliklari, Koreya Respublikasi, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, va Xitoy investitsiyalari ishtirokidagi loyihalarni jadallashtirish, eksport hajmini oshirish, hudud iqtisodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish hamda joylarda aholi va tadbirkorlik subyektlarini tashvishga solayotgan muammoli masalalarni hal etish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?