Qoradaryo yoqasida 240 mlrd soʻmlik galereya-inshoot barpo etildi
Samarqand viloyatida joylashgan muhim suv taʼminoti korxonalaridan biri — “Damxoʻja magistral suv taʼminoti” jamiyatida yangi galereya tipidagi suv olish inshooti foydalanishga topshirildi.
Mazkur obyekt Davlatimiz rahbarining 2018-yil fevral oyida Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida berilgan vazifalarga asosan 2020–2025-yillar davomida barpo etildi. Loyiha qiymati 240 milliard soʻm boʻlib, inshoot Qoradaryo yoqasida 35 gektar maydonda barpo etilgan. Ushbu galereya 10–12 metr chuqurlikda, 3 kilometr uzunlikda gorizontal holda yotqizilgan D-1220 mm li quvurlardan iborat. Quvurlardagi mayda teshiklar orqali yigʻilgan suv 15,6 kilometr uzunlikdagi suv uzatish tarmogʻi orqali tozalash inshootiga yoʻnaltiriladi. Eʼtiborlisi, bu jarayon uchun umuman elektr energiyasi talab etilmaydi.

— Loyihaning asosiy maqsadi — ortiqcha sarf-xarajatsiz, tabiiy usulda suv olishni taʼminlashdir, — deydi Qurilish korxonasi ish boshqaruvchisi Oʻtkir Toshpoʻlatov. — 3 kilometrlik tarmoqda 25 ta kuzatuv qudugʻi mavjud boʻlib, suv ombori xodimlari suv sathi va holatini muntazam nazorat qilib boradi. Bu yerdan olinayotgan suv Damxoʻja rezervuariga yetkaziladi va u yerda qayta ishlanib, aholiga tarqatiladi.
Damxoʻja magistral suv taʼminoti inshooti Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlarini toza ichimlik suvi bilan taʼminlab keladi. Ilgarigacha korxona orqali aholiga bir sutkada 150 ming kub metrga yaqin suv yetkazib berilgan boʻlsa, galereya tipidagi yangi tizim ishga tushirilgandan soʻng yana 100 ming kub metr qoʻshimcha toza suv olish imkoniyati yaratildi.

— Bugungi kunda Damxoʻjada ishlab turgan nasoslar sonini 50 foizga qisqartirish orqali elektr energiyasi tejalmoqda, — deydi Suv taʼminoti va oqova suv obyektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi UK direktori Saʼdulla Ziyodullayev. — Hozirgi kunda Samarqand viloyatining uch tumani, Navoiy viloyatining qariyb 80 foizi va Buxoro viloyatiga 200 ming kub metr suv yetkazilmoqda. Shuning 100 ming kub metri aynan mana shu galereya orqali olinmoqda. Bu esa hududlarda ichimlik suvi taʼminotini sezilarli darajada yaxshiladi.
Inshootning ochilish marosimida soʻz olganlar mamlakatimizda inson manfaatlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni taʼkidlab, Damxoʻjada amalga oshirilgan ishlar ana shu islohotlarning yorqin namunasi ekanini qayd etdilar.

Tadbir doirasida, shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida korxona hududini obodonlashtirish maqsadida yuz tupga yaqin mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ham ekildi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etdi
- Sizni ajablantiradigan anʼanalar. Dunyo boʻylab yangi yil qanday nishonlanadi?
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring