Qoʻqon shahrida turizm koʻchasida yoshlar tadbirkorlik tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanmoqda
Koʻhna madaniyat, tadbirkorlik anʼanalari hamda boy tarixiy-madaniy merosga ega Qoʻqon shahri Fargʻona viloyati hududlari orasida turizm salohiyati yuksak boʻlgan maskanlardan biri hisoblanadi.
Ayni jihatlarni inobatga olgan holda, soʻnggi yillarda shaharda turizm sohasini jahon andozalari darajasida rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda Xoʻqandi latifda qurilish va obodonlashtirish ishlari jadal surʼatlarda olib borilib, yangi turizm marshrutlari tashkil etilmoqda.

Xususan, Istiqlol turizm koʻchasi 24/7 rejimida faoliyat yuritib, mahalliy va xorijlik sayyohlarni jalb etishga qaratilgan turli madaniy va ijodiy tashabbuslar hayotga tatbiq etilmoqda. Jumladan, rassomlar koʻrgazmalari, Lavanda bogʻi, shuningdek, madaniy-koʻngilochar dasturlar ushbu hududning jozibadorligini yanada oshirmoqda.
Bu jarayonda yoshlar faolligi ham alohida eʼtiborga molik. Yaqinda Qoʻqon shahar hokimligi koʻmagida Istiqlol turizm koʻchasida 2-son texnikumi oʻquvchilari tomonidan tabiiy matolardan qoʻlda tayyorlangan mahsulotlar savdosi yoʻlga qoʻyildi. Ushbu tashabbus oʻquvchilarda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish, shuningdek, kelajak faoliyati uchun amaliy tajriba toʻplashga xizmat qilmoqda.

Ustozlarning taʼkidlashicha, darsdan keyingi toʻgarak mashgʻulotlarida tayyorlangan oʻyinchoqlar, guldastalar va kiyim-kechaklar nafaqat mahalliy aholi, balki xorijlik sayyohlar orasida ham katta qiziqish uygʻotmoqda.
Ayni paytda savdo shoxobchasida 20 turdan ortiq mahsulot xaridorlarga taklif etilmoqda. Loyiha doirasida mahsulot turlarini bosqichma-bosqich kengaytirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, taʼlim muassasasining ishlab chiqarish ustalari tomonidan tayyorlangan turli uy-roʻzgʻor buyumlari ham savdoga qoʻyilmoqda.

— Tikuvchilik mahsulotlari dizayni yoʻnalishida tahsil olayotganim sababli mazkur faoliyat nazariy bilimlarimni amaliy tajriba bilan uygʻunlashtirish imkonini berdi, — deydi oʻquvchi Husnoraxon Muqimova. — Ayni paytda ustozlar koʻmagida sanoat chiqindilaridan tayyorlanayotgan munchoqlar va sumkalar xaridorgir mahsulotga aylandi. Shuningdek, boshqa oʻquvchilar tomonidan maxsus sovundan turli shakldagi gullar va guldastalar, shu bilan birga, zamonaviy kiyimlar tayyorlanmoqda.
Natijada oʻquvchilar har oy oʻrtacha 1–1,5 million soʻm miqdorida qoʻshimcha daromad olishmoqda. Bu esa yoshlar uchun bir vaqtning oʻzida ham taʼlim olish, ham mehnat qilish orqali oʻz imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Oʻzbekistonga nechta davlatdan turistlar kelayotgani ochiqlandi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring