“Qoʻqon” EIZda xaridorgir qurilish materiallari ishlab chiqarilmoqda

14:17 28 Noyabr 2024 Jamiyat
176 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyatida joriy yilning 9 oyida 3,2 trln. soʻmlik qurilish materiallari ishlab chiqarilib, 31,4 mln. dollarlik keng assortimentdagi mahsulotlar eksport qilinishiga erishildi.

Xitoyning “DOU SHANFENG-BNBM“ korxonasi 2019-yildan buyon “Qoʻqon“ erkin iqtisodiy zonasida samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ushbu yirik sanoat korxonasida yiliga 10 ming kvadrat metr gipsokarton, yengil poʻlatdan 3 ming tonna profil, 40 million kvadrat metr bezakli gipsokarton ishlab chiqariladi.

Korxonaning xitoylik masʼullari qayd etishicha, uch turdagi gipsokarton ishlab chiqaruvchi ushbu loyiha doirasida 30 million dollar miqdorida investitsiya kiritilgan. Bir kunlik ishlab chiqarish quvvati 150 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Erkin iqtisodiy zonada xorijlik investorlar uchun mavjud imtiyozlardan foydalanib, mahalliy aholi vakillari uchun 150 ga yaqin doimiy ish oʻrni yaratilgan.

Oʻtgan davr mobaynida 4,5 mln. dollarlik mahsulot xorijga eksport qilingan.

Korxona energetigi Shohrux Odilov 2022-yili Fargʻona politexnika institutini tamomlab, bir muddat xorijda mehnat migranti boʻlib ishladi. Doimiy ish oʻrniga ega boʻlmagach, oʻtgan yili yurtga qaytdi va korxonada faoliyat boshladi. Korxona laboranti Shohruxxon Yoʻldoshxoʻjayev ham Fargʻona politexnika institutini tamomlagach, bir muddat ishsiz yurdi. Hozirda oʻzi istiqomat qiluvchi mahalladagi mazkur korxonada ishlamoqda.

— Mahsulotlarimiz suvga va olovga chidamli boʻlgani bois ichki bozorda ham, xorijda ham juda xaridorgir boʻlib ulgurgan, — deydi Sh.Yoʻldoshxoʻjayev. — Kompaniya “Yashil texnologiya va sifatli hayot“ shiori ostida doimiy ravishda aholi yashash manzillarini koʻkalamzorlashtirish ishlariga koʻmaklashadi. Yoritish chiroqlari toʻliq quyosh panellariga ulangan. Ishlab chiqarish uskunalari dvigatellariga energiya tejamkor batareyalar oʻrnatilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер