“Qoʻqon” EIZ filialida 3 million dollarlik eksport imkoniyati yaratildi

13:13 11 Fevral 2025 Jamiyat
136 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Quvasoy shahrida qulay tadbirkorlik muhiti yaratilishi natijasida soʻnggi besh yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2,1 barobarga oshdi. Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksportni qoʻllab-quvvatlash va valyuta tushumlarini oshirish borasidagi salmoqli ishlar samarasi tufayli oʻtgan yili 42 mln. dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirilib, jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 117,6 mln. dollarni tashkil etdi.

Ayni paytda meva yetishtirish va eksport qilish boʻyicha shahar ahli Fargʻona viloyatida yetakchi hududlar sirasiga kiradi. Ayniqsa, bu zaminda sharbatga toʻlib pishuvchi shaftoli, gilos, olma xorijda ham juda xaridorgir.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2024-yili “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasining Quvasoy filiali tashkil etildi va shahar hududidan 210 gektar yer maydoni ajratildi.

— Shu kunlarda “Qoʻqon” EIZning Quvasoy filialida “Marwin Fruitline” MCHJ tomonidan mevani qayta ishlash va quyultirilgan tabiiy sharbat ishlab chiqarish faoliyati yoʻlga qoʻyildi, — deydi Quvasoy shahar hokimi oʻrinbosari Salimjon Nishonqulov. — Hozirda qurilish ishlarini toʻliq nihoyasiga yetkazib, yangi texnologiyalarni oʻrnatish va jihozlash maqsad qilingan.

Loyihaning umumiy qiymati 176,5 mlrd. soʻm boʻlib, 120 ta yangi ish oʻrni yaratilgan korxonada yiliga 3 mln. dollarlik mahsulot ishlab chiqarish va asosan Yevropa davlatlariga eksport qilish imkoniyati yaratiladi.

Aytish joiz, oʻtgan yili quvasoylik mirishkor bogʻbonlar tomonidan yetishtirilgan 21 ming tonna meva-sabzavot xorijga eksport qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер