Qopdagi sakkizinchi xazina

13:32 13 Fevral 2025 Jamiyat
84 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Vobkent tumanidagi “Nayman” mahalla fuqarolar yigʻini hududida tugʻilib oʻsgan Chinora Yusupovaning asl kasbi dizayner – konstruktor. Bankdan kredit olib tikuv mashinalari xarid qilgan qiz ayni pandemiya davrida kutilmagan tashvishlar girdobiga tushib qoldi. Qarzni qandoq qilib uzsak, degan oʻyda yurarkan, unda oziq-ovqat mahsuloti, aniqrogʻi, qoʻziqorin yetishtirish gʻoyasi tugʻildi.

— Sohaga oid adabiyotlarni oʻqidim, — deydi u. — Zarur maʼlumotlarni toʻpladim. Mutaxassislar bilan maslahatlashdim. Shu tariqa hovlimizda, shuningdek, uyimiz yertoʻlasida ham qoʻziqorin yetishtirishga kirishdik.

Oʻshanda yertoʻladagi 20 kvadrat metr joydan oyiga 3 million soʻmdan ziyod daromad qilgan intiluvchan qizning ish tajribasi viloyat rahbarlarining ham qiziqishiga sabab boʻldi.

Buxoro shahridan istiqomat qilayotgan qahramonimiz turmushga chiqqandan keyin ham qoʻziqorin yetishtirish bilan bogʻliq biznes loyihasini bir chekkaga surib qoʻygani yoʻq. Aksincha, bu faoliyat yangi bosqichga oʻtdi.

— Muntazam oʻqib oʻrganish, izlanish natijasida qoʻziqorin yetishtirishning yevropacha usulini yoʻlga qoʻydik, — deydi “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan Chinora. — Bu usulda qoʻziqorin toʻrt burchakli bejirim qutida yetishtiriladi. Uni uyning bir chetiga yoki oshxonaga ham qoʻysa boʻladi. Urugʻi 7 – 10 kunda unib chiqadi. 8 – 12 hafta davomida hosil beradi. Qutida mahsulotni yetishtirishga oid tavsiyalar yozilgan. Risoladagidek parvarish qilinsa, oʻrtacha 1 – 1,4 kilogrammdan hosil olish mumkin. Shunday qutilarimizning dastlabki mingtasi allaqachon sotilib ketdi.

Buni qarangki, ekologik jihatdan toza sanalgan, goʻsht oʻrnini bosa oladigan, shifobaxshligi amalda isbotlangan qoʻziqorinni har birimiz xonadonimizda yetishtirishimiz mumkin ekan.

— Keyingi bir yilda nafaqat Buxoro, balki Navoiy, Xorazm viloyatlarida istiqomat qiluvchi oʻndan ziyod oilaga qoʻziqorin urugʻini yetkazib berdik. Ularga ekinni parvarishlash sirlarini oʻrgatdik, — deydi Romitan tumanidagi “Istiqlol” mahallasida yashovchi yosh oila sohibi Rahmatilla Olimov. — Shukr, hozir doʻkonlarga kirsangiz yoki dehqon bozoriga tushsangiz peshtaxtada pomidor, bodring, sabzi, piyoz qatorida qoʻziqorin ham turganini koʻrasiz. Kilosi 30 ming soʻmdan kam emas. Sizga aytsam, qoʻziqorin yetishtirishda ishlatiladigan chigit sheluxasi ham chiqitga chiqmayapti. Aksincha, roʻzgʻorga daromad keltirmoqda. Undan chorva ozuqasi sifatida foydalanayapmiz. Ogʻilda toʻrt bosh qoramolimiz bor.

Rahmatillaning turmush oʻrtogʻi Latofat ham qoʻziqorin parvarishi bilan band. Uning taʼkidlashicha, bu ayollarbop ish. Sarflagan pulingiz ikki-uch hissa ortigʻi bilan qaytadi. Hisob-kitoblarga qaraganda, bitta kichik xaltada intensiv usulda uch oy davomida 2 -2,2 kilogramm miqdorida qoʻziqorin yetishtirish mumkin. Muhimi, endi roʻzgʻor tebrataman, deb uzoq va sovuq oʻlkalarga borishning hojati yoʻq.

Rahmatilla bilan Latofat ilgari ishlagani Rossiyaga yoʻl olishardi. Joʻnashardi-yu ikkalasining ham koʻngli Romitanda qolardi. Axir, oʻzbek borki, biri-biridan shirin bolalarini sogʻinadi, ularni bir kun koʻrmasa oʻzini qoʻyarga joy topolmaydi. Endi u kunlar bu oila uchun oʻtmishga aylandi.

Shu oʻrinda qoʻziqorin urugʻini tanlashda adashmaslik zarurligini taʼkidlamoqchimiz. Uning navi ham koʻp. Deylik, reyshi navi Osiyoda keng tarqagan. U AQSHda ham qadrlanadi. Mutaxassislarning guvohlik berishicha, birgina reyshining dunyo boʻylab yillik sotuvi 2 milliard AQSH dollaridan oshadi. Bu raqamni tilga olishimizning sababi bor.

— Keyingi uch-toʻrt oyda anʼanaviy usulda ishlab uch tonna atrofida hosil yigʻib olishga muvaffaq boʻldik, — deydi Chinora Yusupova. — Umuman, yurtimizda nisbatan arzon va sifatli qoʻziqorin yetishtirish, uni eksport qilish borasida katta imkoniyat mavjud . Shuni nazarda tutgan holda faoliyatimizni kengaytirish niyatidamiz.

Bu masalada tashabbuskorga “mahalla yettiligi”, viloyat va shahar masʼullari, moliyaviy muassasalarning koʻmagi kerak boʻladi, albatta. Zero, sakkizinchi xazina sifatida qarashga arziydigan qoʻziqorin yetishtirishda ham marrani baland olish mavridi keldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер