Qonunchilikka kiritilayotgan oʻzgartirishlar fuqarolarning maʼmuriy sudlarga murojaat qilish imkoniyatini yanada kengaytiradi

17:21 14 Dekabr 2023 Jamiyat
319 0

Joriy yilning 14-dekabr kuni kuni Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi, unda Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilayotgan qator masalalar muhokama qilindi.

Senatorlar, Qoʻmita ekspertlari, mahalliy Kengash deputatlari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida oʻtgan majlisda dastlab “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga maʼmuriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning odil sudlovdan foydalanish hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish imkoniyati kengaytirildi.

Uzluksiz olib borilayotgan yangilanish va oʻzgarishlarni qonun normalarida yanada mustahkamlash, eng avvalo, ularni yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tegishli moddalariga moslashtirish davr talabi boʻlmoqda.

Shu munosabat bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan maʼmuriy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini fuqarolardan oldindan undirmasdan, ushbu bojni ishni koʻrib chiqish natijalariga koʻra aybdor tarafdan undirish tartibini nazarda tutuvchi, shuningdek davlat bojining koʻrsatilgan stavkasi miqdori pasaytirilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Mazkur Qonun fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari sud tartibida himoya qilinishini taʼminlashga, ularning odil sudlovdan foydalanish hamda fuqarolarning maʼmuriy sudlarga murojaat qilish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, Qoʻmita majlisida “2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonun ham qizgʻin muhokama qilindi. Qonunda byudjet siyosatini “Oʻzbekiston – 2030” Strategiyasi va 2020–2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasida belgilangan yoʻnalish va maqsadlarga muvofiq amalga oshirish va uzoq muddatda fiskal barqarorlikni taʼminlash boʻyicha kiritilgan fiskal qoidalarga qatʼiy amal qilish koʻzda tutilgan.

Xususan, gender tenglikka erishishni byudjet jarayonlariga integratsiyalash orqali gender tenglikka yoʻnaltirilgan byudjetlashtirish hamda gender jihatlarni hisobga olgan holda dasturiy byudjetlashtirish tizimini amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etish, shuningdek Oʻzbekistonda gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan dasturiy byudjetlashtirish tizimini joriy etish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi va bajarilishi lozim boʻlgan qadamlar belgilandi.

2024-yil uchun Davlat byudjetida xotin-qizlarni qoʻllab quvvatlash uchun xususiy sektorda va byudjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarning homiladorlik va tugʻish nafaqa pullarini toʻlash, xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlikka jalb qilish, oliy taʼlim muassasasida magistratura bosqichida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlarini qaytarish shartisiz qoplash bilan bogʻliq xarajatlar belgilangan.

Majlis soʻnggida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер