Qonun ustuvorligi – xalq farovonligi kafolati
Poytaxtimizdagi “Taraqqiyot strategiyasi” markazida “Qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish” yoʻnalishida matbuot anjumani oʻtkazildi. Tadbir takomillashayotgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili doirasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturi loyihalarining jamoatchilik muhokamasiga bagʻishlandi. Anjumanda Oliy sud, Bosh prokuratura masʼullari, soha ekspertlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov oʻz chiqishida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilishi mamlakat taraqqiyotida yangi bosqich ekanini alohida taʼkidladi. Uning aytishicha, strategiyada belgilangan vazifalar yangilanib, xalq farovonligi, inson huquqlari va adolatli jamiyat qurishga xizmat qiladigan mexanizmlar yanada mustahkamlanmoqda.
Yangilangan strategiyada qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh etish hamda davlat boshqaruvini ochiq va samarali tizimga aylantirish asosiy maqsad sifatida belgilangan. Matbuot anjumanida raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni sud hamda ijro tizimlariga joriy etish orqali adolatli va shaffof boshqaruvni taʼminlash masalalari ham keng muhokama qilindi. Bu oʻz navbatida inson omilini kamaytirish, ishlarni tez va samarali hal etishga xizmat qiladi.
Tadbirda ishtirok etgan huquqiy idoralar vakillari oʻz sohalariga taalluqli vazifalar, aniq koʻrsatkichlar hamda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar haqida atroflicha tushuntirish berdilar.
— Bugungi kunda sud-huquq sohasidagi islohotlarda eng asosiy masala Konstitutsiya va qonunlarning soʻzsiz ishlashini taʼminlashdir, — deydi Oliy sud raisi oʻrinbosari Malikaxon Qalandarova. — Inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni sud tizimidagi barcha oʻzgarishlarning markaziga qoʻyapmiz. Shu maqsadda qamoq jazosini tayinlash amaliyotini bosqichma-bosqich kamaytirish koʻzda tutilgan. Masalan, bu koʻrsatkichni 30 foizdan 20 foizga tushirish rejalashtirilmoqda.
Yana bir muhim masala nizolarni sudgacha hal qilish samaradorligini oshirishdir. Bu yoʻnalishda natijani kamida 50 foizga yaxshilash maqsad qilingan. Natijada sudgacha hal etish mumkin boʻlgan masalalar sudlargacha yetib bormaydi, sudlarga tushadigan ishlar soni ham qariyb yarmiga kamayadi.
Oliy sud raisi oʻrinbosarining soʻzlariga koʻra, sudlar va tergov organlari faoliyatida zamonaviy yondashuvlar joriy etiladi. Ayrim protsessual harakatlarni masofadan turib bajarish imkoniyatlari kamida 50 foizga oshiriladi. Bu fuqarolar uchun ham, tizim uchun ham ancha yengillik yaratadi.
Yangilanayotgan Strategiya loyihasi sud-huquq tizimini zamon talablariga moslashtirishga qaratilgan aniq va amaliy vazifalarni oʻz ichiga olgan. Shu bilan birga, sud va boshqa davlat organlari hujjatlari ijrosini taʼminlash jarayoniga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilgan. Bu orqali ijro ishlarining kamida 30 foizi hech qanday majburlov choralarisiz, ixtiyoriy tarzda amalga oshirilishi maqsad qilingan. Yaʼni, ishni zoʻrlab emas, tushuntirib va raqamli imkoniyatlar orqali hal qilish yoʻli tanlanmoqda.
Xususan, Majburiy ijro organlari faoliyatiga sunʼiy intellektni joriy etish orqali ijro hujjatlari undiruvini inson omilisiz amalga oshirish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Bu esa ochiqlikni taʼminlab, adolatga ishonchni mustahkamlaydi.
Yangi tartibga koʻra, ijro hujjati kelib tushishi bilan qarzdor shaxs SMS yoki ovozli robot orqali darhol xabardor qilinadi. Agar ixtiyoriy ijro muddati oʻtib ketsa, ayrim majburiy choralar avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Undirilgan mablagʻlar esa toʻgʻridan-toʻgʻri undiruvchining hisobraqami yoki bank kartasiga oʻtkaziladi.
Bundan tashqari, fuqarolarga 24/7 rejimida ovozli robot orqali oʻz qarzdorligi va ijro harakatlari haqida maʼlumot olish imkoniyati yaratiladi. Qisqasi, ijro tizimi fuqaroning ogʻirini yengil qilishga, ishonchli va zamonaviy shaklga keltirilmoqda.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV,
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Oʻzbekiston dunyodagi sayyohlar oqimi eng tez oʻsayotgan yetti mamlakatdan biri — BMT hisoboti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring