Qonun transport xizmati koʻrsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi

15:44 04 Sentyabr 2025 Siyosat
107 0

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Senatning yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga transport xizmati koʻrsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda transport sohasini rivojlantirishga, tashishlarning xavfsizligini yuqori darajada taʼminlashga, transport sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Shu bilan birga, transportda tashishlarga nisbatan qoʻyiladigan talablar va shartlarga amal qilinishi borasida tashuvchilarning masʼuliyatini oshirish, maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda korrupsiyaga barham berish, transport sohasidagi nazoratning samaradorligini yanada oshirish uchun maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni qayta koʻrib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.

Shuningdek, transport sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzurida Transport nazorati inspeksiyasi tashkil etilganligi munosabati bilan qonunchilikka tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish talab etilmoqda.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Ushbu Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga, “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi hamda “Transport toʻgʻrisida”gi qonunlarga transport xizmati koʻrsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga hamda tashishlar samaradorligini va sifatini oshirish orqali yuk hamda yoʻlovchilar tashishdagi xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga temir yoʻl transportida va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi talablarini hamda yoʻlovchilarni, bagajni va yuk bagajini tashish qoidalarini buzganlik uchun jarima solishga sabab boʻlishini belgilovchi qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Taʼkidlanganidek, 2023-yil davomida metropolitenda 172 mln, yoʻlovchi poyezdlarda 9 mln 300 ming yoʻlovchi tashilgan boʻlsa, 2024-yilda metropolitenda

270 mln, yoʻlovchi poyezdlarda 10 mln 70 ming, shuningdek, avtomobil transportida

8 mlrd ortiq yoʻlovchilarni tashishga erishildi. Bundan tashqari, 2024-yil davomida temir yoʻl transportida 102,7 mln tonna yuk tashilgan boʻlsa, avtomobil transportida 2 mlrd tonnadan ortiq yuk tashilgan.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Bu esa oʻz navbatida davlat nazoratini amalga oshirishda yoʻlovchi va yuklarni manziliga oʻz vaqtida xavfsiz yetkazish, ularga xizmatlar koʻrsatish jarayonining uzluksizligi, sifatliligi, barqarorligi va ishonchliligini taʼminlash lozimligini taqozo etmoqda.

Amaldagi qonunchilikda temir yoʻl tashishlari xavfsizligini taʼminlash boʻyicha kamchiliklar va huquqbuzarliklar aniqlanganida Transport nazorati inspeksiyasi yuridik shaxsga nisbatan faqat koʻrsatma berish huquqiga ega.

Jumladan, temir yoʻl transporti hamda metropolitenda 2024-yilda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining qoʻpol buzilishi bilan bogʻliq 130 ta hodisa sodir etilgan. Natijada harakatdagi tarkib va temir yoʻl infratuzilmasiga qariyb

4 mlrd soʻm moddiy zarar yetkazilgan. Xuddi shuningdek, mamlakatimiz avtomobil yoʻllarining tartibga solinmagan temir yoʻllari kesishmalarida poyezdlar hamda avtotransport vositalari ishtirokida 2024-yilda 38 ta yoʻl transport hodisasi sodir boʻlgan va buning oqibatida 11 nafar fuqaro halok boʻlgan.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Shu bois Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks yangi 1131-modda bilan toʻldirilib, tashishlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoida va talablarni buzganlik uchun mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻlishi belgilanmoqda.

Muhokama qilinayotgan Qonun bilan xalqaro va shaharlararo avtomobil tashuvlarini amalga oshirishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini buzganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻlishi belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan Qonun transport xizmati koʻrsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga hamda yuk va yoʻlovchilar tashishdagi xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Muhokamadan soʻng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Akmal Muhammadov (foto), Otabek Saidaxmadov

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер