Qonun ishlamasa – deputatlik soʻrovi shart

15:11 18 Dekabr 2025 Jamiyat
174 0

Bugun qonunlar va qarorlarning joylarda qanday ishlayotgani, aholini qiynab kelayotgan muammolarga masʼul tashkilotlar qay darajada yechim topayotgani, odamlar qanday yashayotgani va nimadan tashvishda ekaniga xalq vakili sifatida deputatlar befarq qarab turmasligi kerak.

Deputatlar mintaqaviy parlamentlarda turli siyosiy partiyalar va saylovchilarning turli qatlamlari vakili boʻlsa-da, barchamiz uchun umumiy vazifa bor — hududlarni rivojlantirishning huquqiy asoslarini shakllantirish, saylovchilar va butun aholining huquq hamda manfaatlarini himoya qilishdir.

Shu maʼnoda Samarqand shahridagi “Xoʻja Doniyor” va “Obi Rahmat” mahalla fuqarolar yigʻinlarida amalga oshirilayotgan ishlarga eʼtibor qaratish joiz. Ushbu mahallalar birlashib, yangi Xoʻja Doniyor mahallasi tashkil etilgandan soʻng, mahalla faollari obodonlashtirish hamda aholini yillar davomida qiynab kelayotgan infratuzilmaviy muammolarni hal etish masalasida murojaat bilan chiqishdi.

Mazkur murojaatlar asosida Samarqand shahar hokimligiga deputatlik soʻrovi kiritildi. Soʻrovga muvofiq shahar hokimligi tomonidan mahallaga chiqib, muammolarni joyida oʻrganish, deputat va mahalla faollari bilan bevosita muloqot qilish ishlari amalga oshirildi. Oʻrganish jarayonida Obi Rahmat koʻchasida boʻsh turgan yer maydonida tadbirkorlar va fuqarolar koʻmagida zamonaviy stadion hamda aholi dam olishi uchun bogʻ barpo etish boʻyicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, “Xoʻjapirmaydon” qabristoni oldidan oʻtuvchi yoʻlning torligi transport harakati uchun noqulaylik tugʻdirayotgani inobatga olinib, yoʻlni kengaytirish masalasida mahalla tadbirkorlari amaliy yordam koʻrsatishga tayyor ekanini bildirdi. Bu borada tegishli tashkilotlar bilan zarur hujjatlashtirish ishlarini tashkil etish vazifasi belgilandi.

Shu bilan birga, hududda joylashgan sobiq 3-son oilaviy poliklinika filialini qayta tiklash masalasi ham atroflicha oʻrganildi. Maʼlum boʻlishicha, mahallada istiqomat qiluvchi fuqaro Botir Nabiyev oʻz mablagʻi hisobidan bino qurib, mahalla ixtiyoriga bergan. Biroq tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmagani sababli bino kommunal tarmoqlarga ulanmagan. Keksa fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida binoni mahalla balansiga olish va shahar sogʻliqni saqlash boʻlimi tomonidan mutaxassislar ajratish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Albatta, har bir hududda muammolarga bunday masʼuliyat bilan yondashilyapti, deb aytish qiyin. Ayrim joylarda hali ham tashabbuskorlik yetishmaydi, masʼul tashkilotlar esa muammolarga yuzaki munosabatda boʻlib kelmoqda. Jamiyat esa deputatlardan ham, ijro organlaridan ham aniq natija, ochiqlik va masʼuliyat kutyapti. Deputatlik soʻrovlari qogʻozda qolmasdan, amalda yechim topishi xalq ishonchini mustahkamlashning eng muhim shartlaridan biridir. Hali koʻp ishlashimiz kerak.

Badriddin NASRIYEV,
xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер