Qoʻmita majlisida Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar ijrosi masalalari koʻrib chiqildi

20:29 26 Fevral 2024 Siyosat
266 0

Foto: Toyirov Abdumutalib / “Xalq soʻzi”

2024-yilning 26-fevral kuni Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining majlisida Senatning navbatdagi yalpi majlisi masalalari dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Xususan, senatorlar “Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha Yevrosiyo guruhi toʻgʻrisidagi Bitimga hamda Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha Yevrosiyo guruhi byudjetini shakllantirish va ijro etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqidagi Bayonnomani (Toshkent, 2022-yil 1-iyun) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunni koʻrib chiqdi.

Mazkur hujjat jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha Yevrosiyo guruhi faoliyatini yanada rivojlantirish, shuningdek, asosiy vazifalarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishni nazarda tutayotgani alohida taʼkidlandi.

Xususan, ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurash Yevrosiyo guruhi faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan. Yevrosiyo guruhi raisi lavozimiga qoʻshimcha talablar belgilash va uning kotibiyati vakolatlarini aniqlashtirish koʻzda tutilmoqda. Yevroosiyo guruhi byudjetining talablari va shartlari, yaʼni aʼzo davlatlarning hissasi, xarajatlarni taqsimlash va boshqa moliyaviy masalalar ham koʻrsatilgan.

Senatorlar Qonunning ratifikatsiya qilinishi terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdilar.

Shuningdek, qoʻmita majlisida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining Oʻzbekistonda inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati toʻgʻrisidagi axboroti koʻrib chiqildi.

Muhokama chogʻida senatorlar mamlakatimizning yangilangan Konstitutsiyasida ijtimoiy adolatni taʼminlashga yangicha yondashuvlar joriy etilgani, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlari mustahkamlangani taʼkidlandi.Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha Milliy maʼruzachi instituti tashkil etildi.

Nogironligi boʻlgan shaxslarga xalqaro andozalar asosida zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2023-yil davomida 2 ta Prezident qarori va 3 ta Respublika Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.

Shu bilan birga, fuqarolarning ijtimoiy huquqlarini taʼminlash sohasida xalqaro standartlarni samarali qoʻllash bilan bogʻliq hal etilishi zarur boʻlgan masalalar koʻrsatilgan. Jumladan, bolalarni turli zoʻravonlik shakllaridan himoya qilish, nogironlar uchun qoʻshimcha inklyuziv imkoniyatlar yaratish va hokazolar dolzarbligicha qolmoqda.

Shuningdek, Qoʻmita majlisida Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning 2023-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi. Hisobot muhokamasida senatorlar fuqarolar bilan samarali ishlash, inson huquqlari boʻyicha fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Majlis yakunlari boʻyicha qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер