Qoʻmita majlisida mamlakatimizning 2026-yil uchun Davlat byudjeti bilan bogʻliq qonunlar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi majlisida “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi”gi hamda “Soliq va byudjet siyosatining 2026-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.
Qayd etilganidek, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi”gi Qonunning maqsadi kelgusi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qoʻmita aʼzolari taʼkidlaganidek, kelgusi yil Davlat byudjetida aholi turmush darajasini yaxshilash, xalq farovonligini yuksaltirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish va ijtimoiy soha maqsadlariga ustuvorlik berilgan. Jumladan, Davlat byudjeti xarajatlarining qariyb 55 foizi yoki 220,0 trln soʻmi ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilmoqda.
Shuningdek, 2026-yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 515,8 trln soʻm, xarajatlar esa 567,6 trln soʻm miqdorida shakllantirilmoqda. Bunda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshmasligi nazarda tutilmoqda.
Majlisda 2026-yilda soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari qoʻshilgan qiymat soligʻi 12 foiz, foyda soligʻining bazaviy stavkasi 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi 12 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5 foiz, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar uchun yer soligʻi 0,95 foiz, ijtimoiy soliq 12 foiz, aylanmadan olinadigan soliq 4 foiz miqdorida oʻzgarishsiz qolayotganligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Bundan tashqari, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda mikrofirma va kichik korxonalarga soliq hisobotlarini oʻz vaqtida taqdim etmaganlik uchun jarima miqdori pasaytirilmoqda. Jumladan, oxirgi uch oy ichida soliq hisobotlarini oʻz vaqtida taqdim etib kelgan soliq toʻlovchilarga keyingi hisobotni 5 ish kunigacha kechiktirgan taqdirda maʼmuriy jarima qoʻllanilmasligi ham belgilanmoqda.
Soliq kodeksida qoʻshilgan qiymat soligʻining uzluksiz zanjirini yaratish, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash, suv resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash nazarda tutilmoqda.
Qoʻmita aʼzolari oʻz chiqishlarida ushbu qonunlar mamlakatimizning makroiqtisodiy siyosatida ustuvor etib belgilagan vazifalarni bajarish, ijtimoiy muammolarni hal qilish hamda tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama ragʻbatlantirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Muhokama yakuni boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring