Qoldirilgan Olimpiada, Habibning soʻnggi jangi, Maradonaning oʻlimi, “Oltin toʻp” mukofotining bekor boʻlishi — 2020-yil dunyo sportida qanday muhim voqealar boʻldi

Koronavirus pandemiyasi butun dunyoda odatiy hayotni izdan chiqardi. Shu jumladan, jahon sportida ham. Xususan, epidemiyaning birinchi toʻlqini kuzatilgan — mart, aprel va may oylari dunyo sportchilari uchun eng ogʻir davr boʻldi. Musobaqalar ketma-ket bekor qilindi. Yoki karantin cheklovlari yumshatilishi bilan musobaqalar muxlislarsiz yoki muxlislar soni cheklangan holda davom ettirildi. Bu, albatta, bellashuvlardagi shiddatning susayishiga ham taʼsir qildi. Xoʻsh, butun Yer yuzi uchun tahlikali boʻlgan 2020-yilda dunyo sportida qanday voqea va hodisalar yuz berdi. Quyida ularning eng muhimlari haqida...
Dunyo tan olgan sport afsonalari Kobi Brayant va Diyego Maradona hayotdan koʻz yumdi
2020-yilda koronavirus infeksiyasi juda koʻp insonlarning hayotiga zomin boʻldi. Ular orasida turli soha vakillari bor.
Bu yilda mashhur basketbolchi Kobi Brayant va futbol afsonasi Diyego Maradona ham hayotdan koʻz yumdi. Ularning oʻlimiga koronavirus infeksiyasining aloqasi yoʻq. Ammo bu dunyo sporti uchun juda katta yoʻqotishdir.
26-yanvar kuni 41 yoshli Kobi Brayant Los-Anjeles vertolyot halokatga uchrashi oqibatida hayotdan koʻz yumdi. Ushbu fojia oqibatida jami toʻqqiz kishi, shu jumladan, sportchining 13 yoshli qizi Janna ham hayotdan koʻz yumdi.
Noyabr oyida 60 yoshli afsonaviy argentinalik futbolchisi Diyego Maradona vafot etdi. Uning oʻlimiga yurak xuruji sabab boʻlgan. Qolaversa, futbolchining vafotiga tibbiyot xodimlarining oʻz vazifasiga sovuqqon munosabatdagi boʻlgani aytilib, tergov harakatlari olib borilishi maʼlum qilindi.
Diyego Maradona FIFA tomonidan XX asrning “Eng yaxshi futbolchisi” deb eʼlon qilingan edi.
Yozgi Olimpiada oʻyinlari va futbol boʻyicha "Yevro-2020” qoldirildi
Pandemiya tufayli yilning ikki asosiy musobaqasi — futbol boʻyicha Yevropa chempionati va Tokioda oʻtkazilishi kerak boʻlgan Olimpiada oʻyinlari qoldirildi.
Olimpiada 2020-yilning yozida oʻtkazilishi kerak edi. Ammo tashkilotchilar uni 2021-yilga qoldirishga qaror qildilar. Ushbu musobaqa 2021-yilning 23-iyul ꟷ 8-avgust kunlari oʻtkazilishi kutilmoqda.
Futbol boʻyicha Yevropa chempionati 2021-yilning 11-iyunidan 11-iyuligacha oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.
Koronavirus Abdulmanap Nurmagomedovni hayotdan olib ketdi
3-iyul kuni yakkakurash sportida qaygʻuli voqea sodir boʻldi. MMA chempioni Habib Nurmagomedovning otasi va murabbiyi Abdulmanap Nurmagomedov koronavirus asoratlaridan vafot etdi.
U taxminan bir oy kasalxonada yotdi. Ammo shifokorlar murabbiy hayotini saqlab qola olmadi.
Oradan biroz oʻtib, Habib oʻzining chempionlik kamarini himoya qildi va faoliyatini yakunlashini eʼlon qildi. Bu koʻpchilik uchun kutilmagan xabar boʻldi.
Habib Nurmagomedovga otasining oʻlimi kuchli zarba boʻldi. Shunga qaramay, u chempionlik kamari uchun AQSH vakili Jastin Geyjiga qarshi bellashish uchun oʻzida kuch topa oldi.
4 minutlik jangda Habib gʻalaba qozondi. Ammo muxlislar muvaffaqiyatdan zavqlanishga ulgurmasdan, sportchi oʻz soʻzlari bilan hammani hayratda qoldirdi.
“Bu mening soʻnggi jangim. Onamga bu soʻnggi jangim boʻlishini vaʼda qilganman. U otamsiz jang qilishimni istamadi”, dedi u.
Bu Habibning 29-gʻalabasi edi. Ammo oxirgi paytlarda u otasi xotirasiga oktagonga qaytishi va 30-jangda ishtirok etishi haqida gap-soʻzlar bolalagan.
“Oltin toʻp” mukofoti bekor qilindi
“France Football” nashri favqulodda bu yil “Oltin toʻp” sovrini berilmasligini maʼlum qildi. Izohlanishicha, koronavirus pandemiyasi tufayli shunday qarorga kelingani. Yaʼni bu mukofotni topshirish uchun adolatli sharoit boʻlmagan.
Eslatib oʻtamiz, ushbu mukofotga 1956-yilda asos solingan. Shu tariqa unga birinchi marta munosib nomzod topilmadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hanjouda Osiyo o‘yinlariga start berildi. Ochilish marosimidan fotoreportaj
- Senatning qirq beshinchi yalpi majlisi 29-sentabr kuni chaqiriladi
- Chustda bogʻcha tarbiyalanuvchilari doridan zaharlanganmidi yoki... Vaziyatga aniqlik kiritilmoqda
- Osiyo o‘yinlarining birinchi kunini O‘zbekiston 4ta medal bilan boshladi. Fotoreportaj
- Hanjou-2022: Futbol boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi yarim finalda!
- Shavkat Mirziyoyev Italiya sobiq prezidenti vafoti munosabati bilan taʼziya yoʻlladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring