Qiziriq tumanida "Isfara mikro GES-1" ish faoliyatini boshladi

15:50 15 Dekabr 2023 Iqtisodiyot
444 0

Zamonaviy taraqqiyot yoʻlini tanlagan Oʻzbekistonda keng koʻlamli islohotlar qatorida milliy iqtisodiyotimizning muhim quvvat manbai hisoblangan gidroenergetika tarmogʻi ham izchil rivojlanmoqda.

Aytish joizki, yangi Oʻzbekistonimizda barcha sohada amalga oshirilayotgan jadal hamda keng koʻlamli saʼy-harakatlar qatorida energetika tarmogʻining ajralmas boʻgʻini hisoblangan gidroenergetika sohasida ham izchil islohotlar bosqichma-bosqich olib borilmoqda.

Soʻnggi yillarda investitsiyaviy loyihalar asosida yangi gidroelektr stansiyalarni qurish, uzoq yillardan buyon ishlab kelayotgan GESlarni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish ishlari yuqori surʼatlarda amalga oshirilayotir.

Aytib oʻtish lozimki, Surxondaryo viloyatining gidroenergetik salohiyatini toʻliq ishga solish va bu boradagi ishlarni jadallashtirish borasida bir qancha yirik loyihalar hayotga tatbiq etilayotganidan xabaringiz bor. Prezidentimizning joriy yil 17-18-noyabr kunlari Toʻpolang GESida amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari hamda Zarchob-3 GESining qurilishi boshlanishiga start berish jarayonlariga guvoh boʻldik.

Kecha Qiziriq tumani Isfara kollektorida “Isfara mikro GES-1”ning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Taʼkidlanganidek, mazkur mikro GESning quvvati 230 kVt, oʻrtacha yillik 1 076 000,0 kVt.soat elektr energiya ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Ushbu obyektning foydalanishga topshirilishi natijada mahallabay tizim orqali Yangikent mahallasining 460 ta xonadoni elektr energiya bilan taʼminlanadi, beshta yangi ish oʻrni yaratildi.

Oʻzbekistonda ilk bor mazkur GESda barcha uskuna mahalliy ishlab chiqarish doirasida toʻliq oʻzimizda tayyorlangan. Tizim tashkiloti hisoblangan “Suvsanoatmash” AJda GES uchun zarur boʻlgan jihozlar ishlab chiqarildi. Asosiysi, arzon hamda ekologik toza elektr energiyasi yetkazib berish taʼminlanayotir.

Loyiha doirasida 60 m. uzunlikdagi kanalda rekonstruksiya ishlari, suv toʻsish inshooti, suv boʻlish inshooti, bosimli havza inshooti qurilishlari, bosimli quvur (50 m.) oʻrnatish, quvvat uzatish liniyasi kabi qurilish montaj ishlari bajarildi.

Qayd etish kerak, gidroenergetika sohasining taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, yangi GESlar qurilayotgan, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar joylashgan hududlar aholisining turmush farovonligini oshishiga, ishlab chiqarish subyektlarining elektr quvvatlari bilan taʼminlanishiga, tom maʼnoda, xalqimiz farovonligini ortishiga mustahkam zamin yaratadi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?