Qizilqumning anʼanaviy festivali nihoyasiga yetdi

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Navoiy shahrida NKMK tizimidagi madaniyat muassasalarining sanʼatsevar yoshlari oʻrtasida anʼanaviy XVII “Qizilqum sanʼat gʻunchalari 2025” bolalar koʻrik-tanlovi – festivali oʻz nihoyasiga yetdi.
Qizilqumda koʻklam uning barcha bayram shodliklariga uygʻun ravishda biyday choʻldan goʻzallik topayotgan yurtdoshlarimiz koʻnglini yilda bir bor togʻdek koʻtaradi. Shu goʻzalliklar bagʻrida ulgʻayayotgan yosh talantlar esa ikki bahorda bir oʻtkaziladigan “Qizilqum sanʼat gʻunchalari” bolalar koʻrik-tanlovi – festivalida uning betakrorligini ulugʻlashda bahslashishadi.
1998-yil ilk bor festival tariqasida oʻtkazilgan ushbu koʻrik-tanlov joriy koʻklam oʻn yettinchi bor “NKMK jamgʻarmasi” davlat muassasasi tasarrufidagi barcha madaniyat saroylarining yosh iqtidorlarini oʻz atrofiga birlashtirdi.
— Toʻrt kun davom etgan tanlovda bu yil yetti yuz nafarga yaqin sanʼatga oshno oʻgʻil-qizlar ishtirok etishdi, — deydi “NKMK jamgʻarmasi” davlat muassasasining matbuot xizmati rahbari Sanjar Qurbonov. — Ular ijrochilikning xonandalar, vokal guruhlari, orkestrlar va zarbli cholgʻu ansambllari, raqs jamoalari va ansambllari yoʻnalishlarida mahoratlarini namoyish etdi. Shulardan birgina raqslar yoʻnalishi, estrada, zamonaviy va xalq raqslari kabi uch turga boʻlinib, hakamlar bunda yoshlarning nafaqat ijro mahorati balki libos va sahna madaniyatlarini ham baholashda inobatga oldi.
Chindanam, biri-birini takrorlamas liboslarda milliy kolorit turli millatlarga xoslikni kuzatib, bepoyon kengliklarda tabiiy qazilma boyliklarni oʻzlashtirayotgan koʻpmillatli jamoada millatlararo bagʻrikenglik, milliy sanʼatga hurmat naqadar ulugʻlanganligiga amin boʻlasan kishi. Albatta, bu fazilatlarning inson shuuriga yoshligidanoq singdirilishi yosh sanʼatkorlarning milliy anʼana va qadriyatlarga hurmat ruhida voyaga yetishida yuksak samara berishi shubhasiz.
Koʻrik-tanlovga respublikamizning taniqli sanʼat arboblaridan iborat nufuzli hakamlar hayʼati taklif etilib, “Farhod” madaniyat saroyining katta sahnasi har bir ishtirokchi uchun oʻziga xos minbarga aylandi.
— “Qizilqum sanʼat gʻunchalari 2025” bolalar koʻrik-tanlovi –festivaliga taklif qilishganida ochigʻi avvaliga uni bu qadar masʼuliyat bilan qabul qilmagan edim. — deydi hakamlar hayʼati aʼzosi, Oʻzbekiston xalq artisti Rushana Sultonova. — Toʻrt kundirki hayratlar ichida yashayapman. Festivalga tashkilotchilar yuqori saviyada tayyorgarlik koʻrishgani oʻz yoʻliga, ishtirokchi yoshlar orasidagi talantlarning bir-birini takrorlamas repertuari, ijro madaniyati, ovoz va iqtidori biz, hakamlarga murakkabliklar tugʻdirganini taʼkidlamay ilojim yoʻq.
Tanlov yakunlariga koʻra “Farhod” madaniyat saroyining “Счастливое детство” ansambli xoreografiya, Zafarobod qoʻrgʻonidagi “Yoshlik” madaniyat va sport markazi aʼzosi Aysu Oʻrinboyeva solo va vokal ijrochiligida 12 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻrtasida, “Uchquduq” madaniyat saroyidan Toʻlabiy Nurlibayev esa shu yoʻnalishda 12 yoshdan yuqori ijrochilar orasida koʻrik-tanlovning “Gran-Pri”siga munosib deb topildi. Zarbli cholgʻu asboblari yoʻnalishida Zarafshon shahridagi “Oltin vodiy” madaniyat saroyining “Allegro” ansambli gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
Taʼkidlash joiz, har bir tanlovning yaratilgan qoʻshiq va kashf etilgan isteʼdodlari kelajakda millat mulkiga aylanadi. Qizilqumliklarning joriy yil tanlovi ham shu jihatdan oʻz maqsadini oqlab, bir qator yosh isteʼdod sohiblari-yu yangi-yangi qoʻshiqlarga qanot boʻldi, desak, aslo mubolagʻa emas.
Tanlov yakunida esa gʻoliblar sharafiga uning ishtirokchilari tomonidan gala konsert namoyish etilib, diplom va qimmatbaho esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring