Qizilqumga “Bayat” zotli qoʻylar keltirilmoqda
Dunyo moʻyna bozorida qorakoʻl terilarga talab pasayishi va boshqa muayyan sabablar tufayli Navoiy viloyatida chorvachilik xoʻjaliklarining iqtisodiy beqarorligi ancha choʻzilib ketdi. Chorva bosh soni kamayib, olis ovullarda ota-bobolari kasbini ulugʻlab kelayotgan choʻponlar sulolalari ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qoldi. Qizilqum yaylovlari samaradorligi anchagina pasaydi.
Mamlakatimiz Prezidenti 2024-yil 1-noyabr kuni “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlarni ishga solish hamda amalga oshirilishi lozim boʻlgan asosiy vazifalar”ga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda mazkur masalani tahlil etar ekan, Konimex tumani hokimi va Respublika Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasiga 2024-2026-yillarda Mongoliya davlatidan goʻsht va jun yoʻnalishidagi qoʻy-echkilarni olib kelish vazifasini yuklagan edi.
Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida veterinar olimlar tomonidan iqlim sharoitimizga mos “Bayat“ zotli qoʻylar tanlab olindi. Ushbu qoʻylar goʻsht-jun yoʻnalishida boʻlib, ularning tirik vazni 70-80 kilogramm, qoʻchqorlarining vazni 100-120 kilogrammgacha yetadi.
— 2024-yil yakuni bilan tumanimizga 50 ming bosh ushbu zotdagi qoʻylar keltirildi, — deydi Konimex tumani hokimi Ruslan Roʻziyev. — Shuningdek, mamlakatimiz Prezidentining joriy yil iyun oyidagi Moʻgʻulistonga davlat tashrifi doirasidagi erishilgan kelishuvga muvofiq ushbu davlatdan yana 100 ming bosh qoʻy viloyatimizga olib kelish belgilangan.
Imzolangan bitimlar doirasida yaqinda yana 10 ming bosh “Bayat“ zotli qoʻy Navoiy xalqaro aeroportida Qizilqum chorvadorlari tomonidan qabul qilib olindi. Bu qoʻylar viloyatda yaylovlardan samarali foydalanishdan tashqari chorvachilik mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish hamda yangi ish oʻrinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jonivorlarning parvarishini Konimex tumanida toʻgʻri tashkil etish maqsadida omixta yem va dagʻal ozuqalar zaxirasi yaratilib, tajribali mutaxassislar kuzatuvi tashkil etildi.
Mongoliyadan yana shu zotdagi qoʻylar olib kelish davom etmoqda. Shu yilning oktyabr oyida 50 ming bosh, noyabr-dekabr oylarida esa yana 50 ming bosh, 2025-yil yakuniga qadar 100 ming bosh qoʻy keltirilishi koʻzda tutilgan. 2026-yilda yana 100 ming bosh qoʻy olib kelinadi.
Oʻz navbatida Navoiy viloyatidan Moʻgʻulistonga qovun, tarvuz, meva va uzum eksport qilish yoʻlga qoʻyildi.
Temur ESHBOYEV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring