“Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida”gi Qonun maʼqullandi

12:48 29 May 2021 Iqtisodiyot
346 0

Oliy Majlis Senatining oʻn beshinchi yalpi majlisi doirasida senatorlar “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunini koʻrib chiqdilar.

Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida zargarlik tarmogʻini jadal rivojlantirish choralari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan belgilangan vazifalarni oʻz ichiga olgan.

Qonun avvalo mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Bu esa sohada xufiyona iqtisodiyotning oldini olishda ham muhim omil boʻladi. Qolaversa, ushbu hujjat zargarlik buyumlari asillik darajasini belgilash va tamgʻalash tizimini, shuningdek, ularning sifatini nazorat qilish tartib-taomillarini davlat-xususiy sheriklik mexanizmini qoʻllagan holda takomillashtirishga ham yoʻnaltirilgan.

Qonunda qabul qilinishi qimmatbaho metallar va toshlar muomalasi sohasidagi davlat organlari, boshqa ishtirokchilarning vakolatlari va javobgarlik sohasini aniq belgilanishi tarmoqqa investitsiyalar, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, raqobat muhitini yaxshilash uchun qulay sharoit yaratadi.

Xususan, Qonunga binoan ustav fondida davlat ulushi boʻlmagan yoki 50 foizdan kam davlat ulushi boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga qimmatbaho metallar va toshlarni sarflash, hisobga olish va saqlash tartibini mustaqil belgilash huquqi berilmoqda.

Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarning asillik darajasini aniqlash va tamgʻalash masalalari ham qonunda batafsil oʻz ifodasini topgan.

Qonunni ishlab chiqishda Belarus, Hindiston, Kanada, Qozogʻiston, Moldova, Rossiya Federatsiyasi, Italiya va Turkiya hamda Vena konvensiyasini ratifikatsiya qilgan 19 ta davlatning ilgʻor tajribasi oʻrganib chiqilgan.

Shuningdek Qonun xususiy sektorning qimmatbaho metallar aylanmasida oʻz faoliyatini ochiq, shaffof olib borishiga imkoniyat yaratadi.

Senatning sakkizinchi yalpi majlisida Qonunni qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida qarori qabul qilingan edi.

Senat tomonidan bildirilgan taklif va eʼtirozlar manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan koʻrib chiqilib Qonunda oʻz aksini topganligini inobatga olgan holda Qonun yalpi majlisga kiritilgani qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?