Qibraylik uch yoshli qizaloqning umurtqa pogʻonasida noyob jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi

13:15 21 Aprel 2022 Jamiyat
870 0

Bugun dunyo boʻyicha 5-10 foiz bolalarda skolioz kasalligi uchraydi. Ularning aksariyati — 5 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlar. Negaki, ana shu davrda bolalar tez oʻsadi. Ammo, afsuski, koʻpchilik bemorlar 8-14 yoshda, yaʼni kasallik belgilari kuchaygan vaqtda shifokorga murojat kilishadi.

Vaholanki, umurtqa pogʻonasining yon tomonga qiyshayishi bilan namoyon boʻladigan bu xastalik oʻz vaqtida muolaja qilinmasa, koʻplab ogʻir asoratlarga olib kelishi mumkin.

Biroq skoliozning xavf guruhlari oʻzaro farqlanadi. Xastalikning toʻrtinchi darajasi — ular orasida eng ogʻiri.

Uch yoshli jajji bemor Yulduzxon Sunnatova — shunday tugʻma nuqson bilan dunyoga kelgan. Unda xastalikning eng ogʻir darajasi. Ustiga-ustak, rivojlanish nuqsoni umurtqa pogʻonasining buyin, koʻkrak va bel-dumgʻaza qismlarida mavjud edi.

Kuni kecha Respublika travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Qibray tumanilik ana shu qizaloqning umurtqa pogʻonasida noyob jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi.

— Bolalarda skolioz qancha erta aniqlansa, muolaja ham shuncha samarali boʻladi, — deydi markaz direktori Murod Irismetov. — Chunki ular ulgʻaygani sari umurtqa pogʻonasidagi suyaklar ham qattiqlashib, davolash qiyinlashadi.

Kech bosqichlarda esa operatsiya qilishga toʻgʻri keladi. Avvallari bizda bunday tugʻma nuqsonli bemorlarda amaliyotlarni muvaffaqiyatli oʻtkazish uchun uning yoshi katta boʻlishi kutilar edi.

Oqibatda bu umurtqa pogʻonasida ikkilamchi deformatsiyalar va ichki organlarda ikkilamchi oʻzgarishlarga, qolaversa, yurak-qon tomir kasalliklari va nafas yetishmovchiligiga sabab boʻlardi. Uch yoshli bemorda oʻtkazilgan operatsiya shunisi bilan ham noyob va murakkab hisoblanadi.

Umuman, endi markazimiz shifokorlari Moskva shahridagi N.N.Priorov nomidagi travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlik natijasida shunday amaliyotlarni mustaqil ravishda bajarishni oʻzlashtirdi.

Yulduzxonda jarrohlik muolajasi 3 soat davom etdi. Unda umurtqa pogʻonasi skoliotik deformatsiyani korreksiyalash va endokorrektor-fiksatsiyalash amaliyoti oʻtkazildi.

Jonlantirish boʻlimidagi bir kunlik intensiv muolajalardan soʻng qizaloq reabilitatsiya boʻlimiga oʻtkazildi. Hozir uning ahvoli qoniqarli. Ogʻriq qoldiruvchi va umumiy quvvatlovchi muolajalar olmoqda.

Shifokorlarning taʼkidlashicha, jajji bemor tezda oyoqqa turib, sogʻlom hayotga qaytadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?