Qator davlat idoralari tomonidan ochiqlikni ta’minlashga oid majburiyatlar qoniqarsiz bajarilayotgani aniqlandi —  Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

06:34 04 Avgust 2023 Jamiyat
480 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6247-son farmoniga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, shu jumladan ularning normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan ma’lumotlarni Internet tarmog‘iga joylashtirish (e’lon qilish) bo‘yicha majburiyatlari hisobini yuritish vazifasi yuklatilgan. 
 
Shunga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan joriy yilning II choragida ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni belgilangan resurslarda e’lon qilinish holati o‘rganildi. 
 
O‘rganish davomida jami 93 ta davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, 14 ta mahalliy davlat hokimiyati organlari, 21 ta vazirlik, 7 ta qo‘mita, 11 ta agentlik, 7 ta markaziy muassasa, shuningdek, davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan 10 ta aksiyadorlik tijorat banklari va 23 ta aksiyadorlik jamiyatlari va kompaniyalarning belgilangan ma’lumotlarni o‘z rasmiy veb-saytlari va Ochiq ma’lumotlar portalida o‘z vaqtida va to‘liq joylashtirilishi tahlil qilindi. 
 
Aniqlanishicha, monitoring o‘tkazilgan respublika darajasidagi 93 ta davlat organlari va tashkilotlarining faqatgina 33 tasi (35 foizi) joriy yilning II choragi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6247-son Farmoni bilan belgilab berilgan majburiyatlarning ijrosini 50 foiz va undan yuqori samaradorlik, 60 tasi esa 50 foizdan past samaradorlik bilan ta’minlagan. 
 
Jumladan, hisobot davri davomida 93 ta davlat organlari va tashkilotlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6247-son Farmoni bilan belgilab berilgan jami 1109 ta majburiyatlarning umumiy hisobda 426 tasining (38 foizi) ijrosi ta’minlangani aniqlandi. 
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6247-son Farmoni bilan belgilab berilgan jami majburiyatlarning Davlat organlari va tashkilotlari kesimida ijrosi quyidagicha: 
 
— vazirliklar — 46% 
 
— agentliklar — 41% 
 
— qo‘mitalar — 40% 
 
— davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan ATBlar — 40% 
 
— mahalliy davlat hokimiyati organlari — 35% 
 
— markaziy muassasalar — 35% 
 
— AJ va kompaniyalar — 30%. 
 
Ma’lum bo‘lishicha, ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni belgilangan resurslarda ochiq e’lon qilish holati bo‘yicha eng qoniqarsiz ko‘rsatkich davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari va kompaniyalar tomonidan qayd etilgan. 
 
Ayniqsa, “Uzbekistan airways” AJ, “O‘zbekko‘mir” ko‘mir kazib olish va sotish AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ, “O‘zavtosanoat” AJ, “Yo‘lqurilish” AJ, “O‘zmaxsusmontajqurilish” AK, “O‘zdonmahsulot” AK, “Qishloqqurilishinvest” IK joriy yilning II choragi davomida o‘z faoliyatiga oid 10 turdagi ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni umuman joylashtirmagan. 
 
Yoki, shu kabi holatlarni O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi (12 turdagi), shuningdek, Andijon, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahar hokimligi (14 turdagi) misolida ham kuzatish mumkin. 
 
Shuningdek, o‘rganish davomida ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarning turlari bo‘yicha mas’ul davlat idoralari tomonidan e’lon qilinish holati tahlil qilindi. 
 
Quyidagi davlat idoralari tomonidan ijrosi ta’minlanmagan bandlar keltiriladi:

tasdiqlangan yillik xarajatlar smetasi bilan bir qatorda, uning ijrosi, shu jumladan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari, avtomototransport vositalarini sotib olish va saqlash xarajatlari to‘g‘risidagi va boshqa ma’lumotlar;

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalariga ijara huquqini berish bo‘yicha ochiq tanlov g‘oliblari bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlar; 
 
mahalliy budjetlarning har chorak yakunida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar smetasi, rejadan orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablag‘lar yo‘naltirilgan maqsadlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar; 
 
davlat organlariga doimiy foydalanish uchun berilgan yer maydonlari va boshqa mol-mulklarni davlat-xususiy sheriklik asosida olgan yuridik va jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar; 
 
Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralarning tashqi yoki ishonchli boshqaruvga berilgan davlat ulushi mavjud bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari, ishonchli boshqaruvchi tomonidan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar. 
 
Yoki, davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar faqatgina 34 ta davlat idorasi tomonidan, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari 32 ta, xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar 47 ta, tasdiqlangan yillik xarajatlar smetasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar 34 ta davlat idoralari tomonidan belgilangan resurslarda ochiq e’lon qilingan. 
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyundagi PF-154-son Farmoniga muvofiq, ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar davlat organlari va tashkilotlari rasmiy veb-saytining bosh sahifasida alohida bo‘limga joylashtirilishi, ushbu talab bajarilmagan taqdirda, ular e’lon qilinmagan deb hisoblanishi belgilab qo‘yilgan. 
 
Biroq, ushbu talab 2022-yil 1-iyuldan boshlab kuchga kirib, Agentlik tomonidan bu boradagi ishlar qonunchilik talablariga muvofiqlashtirilishi lozimligi to‘g‘risida ogohlantirilgan bo‘lsada, “Uzbekistan Airports”, “Uzbekistan airways”, “Yo‘lqurilish” “O‘zavtosanoat” AJ hamda Andijon viloyati va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan rasmiy veb-saytda ochiq ma’lumotlarning joylashtirilishi fuqarolar uchun qulay tarzda tashkil etilmagan. 
 
Shu bilan birga, ayrim davlat organlari va tashkilotlari tomonidan faoliyat ochiqligini ta’minlash borasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilganligini ko‘rish mumkin. 
 
Misol uchun, 2022-yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksida qoniqarsiz natija qayd etib, “qizil” toifaga kiritilgan “Turonbank” ATB joriy yilning 2-choragida ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni o‘z vaqtida va belgilangan resurslarda to‘liq joylashtirgan. 
 
Yoki, shu kabi ijobiy o‘zgarishlar “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Qashqadaryo viloyati hokimiyati, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi (mazkur davlat idoralari Ochiqlik indeksida past ko‘rsatkich qayd etgan) tomonidan amalga oshirilgan. 
 
O‘rganish natijalariga ko‘ra ochiqlikni ta’minlash sohasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha sohaga mas’ul rahbar hamda xodimlar ishtirokida atroflicha muhokama qilinishi hamda unda qayd qilingan qonun buzilishlarini kelib chiqishiga imkoniyat yaratib bergan va sababchi bo‘lgan mansabdor shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish masalasida 11 ta davlat organi va tashkilotlariga taqdimonomalar yuborildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?