Qashqadaryodagi bir yilda olti oy qish boʻladigan qishloqdan fotoreportaj

Foto: “Xalq soʻzi”
Jahongir Boymurodov/“Xalq soʻzi”. Shahrisabz tumanining Sarchashma qishlogʻi tumaning eng olis va togʻli hududlaridan biri hisoblanadi. Tuman markazidan 70 kilometr uzoqlikda, Hisor togʻ tizmalari bagʻrida joylashgan bu qishloq oʻzining betakror tabiati, anʼana va qadriyatlari bilan tilga tushgan.

Sarchashmaga borish uchun Miraki shaharchasidan soʻng avval “Hisorak” suv ombori, soʻngra Oqsuv daryosi boʻylab ancha mashaqqatli togʻ yoʻlini bosib oʻtish kerak. Yogʻin-sochinli kunlarda esa bu yoʻllardan “Niva”, “UAZ” va boshqa shu kabi maxsus mashinalarsiz harakatlanish deyarli imkonsiz.

— Avvallari qishlogʻimiz qish faslida tashqi dunyodan uzilib qolardi, — deydi “Sarchashma” MFY yoshlar yetakchisi Joʻrabek Chorshanbiyev. — Biroq soʻnggi yillarda mamlakatimizda aholining farovon turmush-tarzini taʼminlash yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar bizning chekka qishlogʻimizda ham oʻz aksini topmoqda. Oʻtgan yili mahallamizga keladigan yoʻlning asosiy qismiga asfalt qoplama yotqizildi. Yana yana toʻrt kilometr atrofida nosoz yoʻl qolgan. Kunlar isishi bilan bu yoʻl ham tuzatilgach, har qanday avtomobilda harakatlanish mumkin boʻladi.

Mahallada bugungi kunda 5 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Hududda ikkita davlat maktabgacha taʼlim muassasasi, bitta maktab bor. Oʻquvchilarning aksariyati maktabga soʻqmoq yoʻllar osha uzoq masofa bosib keladi. Biroq qiyin sharoitga qaramay oʻquvchilarda ilm olishga boʻlgan qiziqish kuchli.

— Shu vaqtga qadar qishlogʻimizdan bir nafar akademik, bir nafar professor, oʻn nafar fan nomzodi yetishib chiqqan, — deydi mahalladagi 57-maktab direktori Abduvahob Berdiyev. — Shuningdek, respublikamizning turli hududlarida masʼul lavozimlarda ishlayotgan qishloqdoshlarimiz koʻp. Ularning muvaffaqiyati yoshlarimizga doimo shijoat bagʻishlaydi. Oʻquvchilarimizda ilm olishga, ota-onalarda farzandini oʻqitishga intilish kuchli.

Qishloq odamlarining aytishicha, bu yerda qish oktyabrdan boshlanib, olti oydan oshiq davom etadi. Aprelning oʻrtalariga kelib sovuq havo chekin boshlagach, barcha xonadonlar darhol tomorqa yerlariga ekin ekishga kirishadi. Koʻpchilik kartoshka yetishtirishning pandini olgan. Aholining asosiy daromad manbai ham kartoshkachilik hisobidan. Shuningdek, soʻnggi yillarda sarchashmaliklar bogʻdorchilikda ham yuqori natijalarga erishmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring