Qashqadaryoda oʻtkazilgan “Chanqovuz va sibizgʻa” xalqaro folklor festivalida unutilib borilayotgan xalq milliy cholgʻu asboblari namoyish etildi

19:49 10 Iyun 2023 Jamiyat
959 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Festival ishtirokchilari dastlab shahardagi “Odina” majmuasida tashkil etilgan xalq milliy cholgʻu asboblari koʻrgazmasi bilan tanishdi. Bu yerda namoyish etilgan chanqovuz, sibizgʻa, shulloviq (sopolnay), gʻajir nay, bulaman (balabon), qoʻshnay, surnay, toshbaqa nay, loy hushtak, choʻpon nay, quray, doʻmbira va shu kabi milliy cholgʻu asboblari, ularning tarixi, xususiyatlari, qanday yasalishi haqidagi maʼlumotlar koʻpchilikda katta qiziqish uygʻotdi.

— 15 yildan buyon xalq milliy cholgʻu asboblarini yasash bilan shugʻullanib kelaman, — deydi mohir hunarmand Sharif Raupov. — Bu cholgʻu asboblarining har qaysi oʻzi bir tarix. Ular xalqimizning nafaqat folklor sanʼati, balki koʻp ming yillik tarixi, milliy qadriyatlari, anʼana va urf odatlarini ham oʻzida aks ettirgan. Ularni saqlab qolish, ayniqsa, yoshlarimiz orasida ham keng targʻib etish zarur. Bugungi festival bu borada muhim qadamlardan biri boʻldi, deb oʻylayman.

Foto: “Xalq soʻzi”

Ishtirokchilarning chiqishlari esa haqiqiy folklor bayramiga, milliy qadriyatlarimiz tarannumiga aylanib ketdi. Chanqovuz, sibizgʻa, doʻmbira, qoʻshnayu shulloviq, qayroqtoshu qoʻshqoshiqlarning goh nolakor, goh tantanavor ohanglaridan dillar yayradi.

Hakamlar hayʼati tomonidan eng yaxshi deb topilgan chiqishlar oʻn beshdan ortiq nominatsiyalar boʻyicha baholanib, gʻoliblarga diplom va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Jumladan, “Eng yaxshi chanqovuz ijrochisi” nominatsiyasida Respublika musiqa va sanʼat kolleji folklorshunoslik yoʻnalishi talabasi Bobur Mirzayev gʻolib deb topildi.

Foto: “Xalq soʻzi”

— Asli Kitob tumanidanman, — deydi u. — Otam koʻplab milliy cholgʻularimizning mohir ijrochisi. Men ham chanqovuz chalishni otamdan oʻrganganman. Bugungi yutugʻimda otam – Toshpoʻlat Halilov hamda ustozim – Qahramon Rashidovlarning hissasi katta. Men ham kelgusida xuddi ular kabi folklorimizni keng targʻib qilish, dunyoga tanitish yoʻlida mehnat qilmoqchiman.

Festival soʻnggida turli folklor jamoalari ishtirokida tashkil etilgan konsert dasturi tadbirga yanada oʻzgacha shukuh bagʻishladi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер