Qashqadaryoda 52,5 foiz jinoiy, 51,7 foiz maʼmuriy  ishlar boʻyicha sud ijro hujjatlari nega yakuniga yetkazilmagani ma'lum qilindi

12:01 26 Noyabr 2021 Siyosat
942 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Qashqadaryo viloyati sudlarining toʻqqiz oylik faoliyati tahlil qilinganida, jinoyat ishlari boʻyicha 66 mlrd. 690 mln. 233 ming 546 soʻmlik 2 ming 474 ta ijro hujjatining 1 ming 287 tasi yoki 52,5 foizi bajarilmay qolgani ayon boʻldi. Xuddi shunday, maʼmuriy ishlar boʻyicha ham 51,7 foiz ijro hujjatlariga doir ishlar yakuniga yetkazilmagan.

Bu haqida Qashqadaryo viloyat sudi raisi  Abduqayum Mahkamov matbuot anjumanida maʼlum qildi. A. Mahkamov bu masala yuzasidan jurnalist va blogerlardan tushgan savollarga javob berar ekan, ijro ilgari sudlar zimmasida boʻlgan paytda bunday muammolar kuzatilmagani, sud ijro hujjatlari kamida 99 foizga bajarilganini taʼkidladi. Bugungi kunda ijro suddan olingach, tizimda barqarorlik taʼminlanmayapti. “Bunday salbiy holatning davom etishi xalqimizning sud-huquq tizimiga ishonchi yoʻqolishiga olib kelishi mumkin”,– dedi A. Mahkamov.

Matbuot anjumanida Qashqadaryo viloyat maʼmuriy sudi tomonidan oʻtgan 9 oy davomida  hokimlar qarorlarini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida 374 ta maʼmuriy ish koʻrilgani va shundan 145 tasi haqiqiy emas deb topilgani aytib oʻtildi.

Nega shunday boʻlmoqda? Hokimlar qarorni oʻqimasdan imzolashadimi yoki qaror mazmun-mohiyatini chuqur anglab yetishmaydimi? Bu savolga Qashqadaryo viloyat maʼmuriy sud raisi vazifasini bajaruvchi Bahriddin Ahmedov javob berar ekan, hokim qarorlarini sudlar tomonidan haqiqiy emas deb topilishiga qaror loyihasi puxta ishlanmagani va tuman hokimliklaridagi yuristlar tomonidan huquqiy baho berilmagani sabab boʻlayotganiga urgʻu berdi.

Masalan, joriy yilda Qarshi shahar  hokimining 24 ta, Muborak tumani hokimining 24 ta, Qarshi tumani hokimining 14 ta, Chiroqchi tumani hokimining 13 ta va Koson tumani hokimning 11 ta  qarori haqiqiy emas deb topilgan.

Tadbirda  2021-yilning 9 yi mobaynida Qashqadaryo viloyat, tumanlararo va tuman (shahar) sudlariga kelib tushgan murojaatlar tahlili va ijrosi yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirildi.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?