Qashqadaryo viloyatida maktabgacha va umumtaʼlim muassasalari bosqichma-bosqich yangilanmoqda

19:39 06 Yanvar 2026 Jamiyat
322 0

Qarshi shahrining Amir Temur mahallasida joylashgan 8-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti binosi 1960-yillarda qurilgan boʻlib, bugungi kun talablariga javob bermay qolgan edi. Shu bois oʻtgan yili mazkur DMTTni kapital taʼmirlash loyihasi tegishli investitsiya dasturiga kiritildi.

Loyiha doirasida 7 milliard 776 million soʻm mablagʻ ajratilib, 300 oʻringa moʻljallangan zamonaviy bogʻcha binosi barpo etildi. Yangi inshoot bolajonlar uchun qulay, xavfsiz va zamonaviy taʼlim-tarbiya muhitini yaratishga xizmat qilmoqda.

Ayni kunlarda yurtimizda Yangi yil shukuhi kezib yurgan bir paytda Qashqadaryo viloyatining Qarshi, Kasbi, Koson, Chiroqchi, Qamashi va Nishon tumanlarida ham oʻndan ortiq bogʻcha va maktablarning yangi yoki kapital taʼmirdan chiqqan binolari foydalanishga topshirildi.

Xususan, Nishon tumanining Paxtaobod mahallasida joylashgan 23-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti binosi 1984-yilda qurilgan boʻlib, keyingi yillarda oʻta taʼmirtalab holatga kelib qolgan edi.

— Oʻtgan yili “Tashabbusli byudjet” doirasidagi “Mening bogʻcham” loyihasida ishtirok etib, gʻolib boʻldik, — deydi DMTT direktori Feruza Hazratqulova. — Loyiha asosida ajratilgan 3 milliard 600 million soʻm mablagʻ hisobiga bino toʻliq kapital taʼmirlanib, zamonaviy talablar asosida jihozlandi.

Taʼlim muassasalarining foydalanishga topshirilishi munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirlarda viloyat, tuman va shahar hokimliklari masʼullari, taʼlim sohasi xodimlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?