“Qarshimda bir olam turar bahorroʻy…”
13-avgust — Oʻzbekiston xalq shoiri
Usmon AZIM tavallud topgan kun
VATAN HAQIDA SHEʼR
Opa, esingizda-ku,
(“O, hanuz ogʻriydi dil”)
Ochliqdan qorni shishgan
Qirq beshinchi mashʼum yil.
Yetti yoshda edingiz
Sizga emasdi pinhon:
Urush — oʻlim, shodlik — xat,
Tiriklik-ku, aniq — non.
Opa, esingizda-ku,
Kelganda javzo oyi,
Sargʻayib dumbul tortdi
Bolgʻalining bugʻdoyi.
Yuvoshgina qush kabi
Hayotning isin sezib,
Dala kezar edingiz,
Kaftingizda don ezib,
Siz aniq bilardingiz,
Tiriklikning ismi — non,
…Bosib ketdi dalani
Ot dupuri nogahon.
Kaftingizga jonsarak
Yashirdingiz boshoqni.
E voh, yer shuncha qattiq,
Osmon shuncha uzoqmi?!
Qanotingiz boʻlsa ham.
Qayga uchardingiz, xoʻsh?
Ot kelar, chavandozning
Bir yengi hilpirar — boʻsh…
Tanidingiz bu — rais,
Undan titraydi qishloq.
“Rais” desa jim hotar.
“Yigʻlayotgan” qoʻgʻirchoq,
…Eslaysiz, magazinda,
Boʻlgan edi “ur-yiqit”.
“Yoʻq, yana quyasan”, deb
Hayqirdi birqoʻl yigit.
U yigʻladi goʻdakday…
“Shahid qolgan doʻstlarning
Qasosini albatta,
Olaman”, deb boʻzladi.
Boqilgan qoʻyday semiz,
Magazinchi Shoyimning
Yoqasiga yopishdi:
“Topdim!” deya xoinni.
Ertasi xotin-xalaj
Yigʻildi — umummajlis.
Yigit oʻrindan turdi:
— Saylanglar, boʻlay rais…
Saylashsa saylasharda,
Odam kam-u, rais moʻl!
Mayli, yarab qoladi…—
Xotinlar koʻtardi qoʻl.
Keyin rais hayqirdi:
“Agar kelguncha zafar,
Kim oʻzini ayasa,
Mana qamchi!.. Xotinlar!”
Nonning lazzatini-ku,
Toʻlab boʻlmas qamchisiz…
Boshingizni qoʻl bilan
Bekitib choʻkdingiz til…
— Bu yurganing nimasi,
Oyoqyalang, boshyalang.
(Don toʻla kaftingizni
Siqdingiz qoʻrqib mahkam)
— Qani, qoʻlingda nima?
(Qoʻrquv, dahshat aralash
Kaftingizni ochdingiz —
Endi mumkin savalash).
Koʻzingiz yoshsiz edi,
Jiddiy — tayyor xoʻrlikka.
Kim ham rahm qilardi
Sagʻir qolgan shoʻrlikka.
Hamma butun tayoqlar
Yetim boshda sinadi…
Rais otidan tushib
Boshingizni siladi.
Ishonmasdan boqdingiz
Koʻzlariga umidvor.
Hayrat ichra qotdingiz…
U yigʻlardi shashqator.
Yigʻlar edi… Qizimni
Ezmasin, deb choʻng qaygʻu.
Tunda sassiz ezilgan
Onangizga oʻxshab u.
Siz ham zor yigʻlab birdan
Osildingiz boʻyniga…
Ot oʻynatib u ketdi
Bugʻdoyzorning qoʻynidan.
Javzo. Bir erka shamol
Bugʻdoyzorga urar toʻsh.
Ot yelar. Chavandozning
Bir yengi hilpirar — boʻsh.
Opa, oʻshandan buyon
Vatan haqida suhbat
Qoʻzgʻalsa kirib kelar
Koʻzingizga bir surat:
Javzo. Bir erka shamol
Bugʻdoyzorga urar toʻsh.
Ot yelar. Chavandozning
Bir yengi hilpirar — boʻsh..
Opa, Vatan — ulugʻ dard,
Opa, Vatan bogʻ boʻlsin!
Sheʼrda suratin chizsam,
Toʻrt muchasi sogʻ boʻlsin!
* * *
Tong chogʻi tun bilan kunduz uchrashdi,
Tunda armon bilan yulduz uchrashdi,
Bahor bilan kuzak — baxtxush uchrashdi,
Toshlar uchrashdilar, biz uchrashmadik.
Bulut zamin bilan yigʻlab uchrashdi,
Shamol kurtaklarni ilgʻab uchrashdi.
Visol hijron bilan minglab uchrashdi,
Yoshlar uchrashdilar, biz uchrashmadik.
Oʻlik zil tuproqni otdi koʻtarib,
Gʻofil tiriklarni topdi axtarib,
Yoʻqlik va borliqni oralab, gʻarib —
Boshlar uchrashdilar, biz uchrashmadik.
Sarxush ari bilan uchrashdi gullar.
Erka shodlik bilan uchrashdi munglar,
Nigohlar, bagʻirlar, lablar-u qoʻllar,
Qoshlar uchrashdilar, biz uchrashmadik.
Yoningda turibman dalli devona,
Yorima, ketdimi ishq yona-yona?
Men seni quchaman… Sovuq, begona —
Loshlar uchrashdilar, biz uchrashmadik.
* * *
Bizni chalkashtirdi soat millari,
Soating toʻxtadi oʻn yil muqaddam.
Oʻn marta aylandi mening yillarim,
Sen oʻn yil kechikib kelding, Muharram.
Havo quyuq edi. Kecha bejon, keng…
Hech umid yoʻq edi oydin roʻzimdan.
Vaqtga (oʻn yil avval) kelolmadim teng,
Vaqt uchdi ajratib meni oʻzimdan.
Bir soʻzim bor edi — u soʻz toʻzidi,
Bir oʻyim bor edi — quridi u oʻy.
Sen kelding eritib yillar muzini,
Qarshimda bir olam turar bahorroʻy.
Besabr boqursan, notinch boqursan,
Uyqu bermagaysan sheʼrlar yozdirib.
Bormasam olamni oʻtda yoqursan,
Koʻzlaring qalbimga kirar bostirib.
Toqat qil. Shoshirma. Men borayapman.
Poyimdan nur kabi oqa boshlar Yer.
Ketmagin. Men sendan oʻn yil nariman.
Oʻn yildan oʻtishga oʻn daqiqa ber…
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Maktablarda yangi o’quv yili boshlandi — Fotoreportaj
- Soliq inspeksiyasi xodimi 2 sinf oʻquvchilaridan nimani xohlaydi (video)?
- Talabalar diqqatiga: ijara pulining bir qismini qoplab berish boʻyicha onlayn ariza berish boshlandi
- “Mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holat!”: Davlat soliq xizmati va Bolalar ombudsmani Qashqadaryodagi holatga munosabat bildirdi
- Qirgʻiziston-Oʻzbekiston chegarasidagi uzoq yildan beri yopiq turgan nazorat-oʻtkazish punkti ochiladi
- Innovatsion ishlanmalar va ilg‘or texnologiyalar namoyishi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring