Qanday mahsulotlar kuchli allergen hisoblanadi?

10:21 30 Aprel 2023 Jamiyat
738 0

Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Roziqovaning fikricha, oziq-ovqat allergiyasi mahsulotlar tarkibidagi oqsil va oqisilsimon moddalar taʼsirida vujudga keladi. Masalan, bolalarda kasallik koʻpincha onaning homiladorlik yoki emizikli davrida notoʻgʻri ovqatlanishi sababli rivojlanadi.

Chaqaloq sunʼiy aralashmalar bilan oziqlantirilsa, chala tugʻilsa yoki oshqozon-ichak, oʻt, jigar kasalliklaridan aziyat cheksa ham, oziq-ovqat allergiyasi yuzaga kelishi mumkin.

Qolaversa, bolalar sevib isteʼmol qiladigan sigir suti — kuchli allergiya qoʻzgʻatuvchi mahsulot. Tarkibida f2, Bos d 4, Bos d 5, Bos d 6, Bos d 8, Bos d 9, Bos d 10, Bos d 11, Bos d 12 allergenlari mavjud. Ularga 5-6 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlarda allergiya kuzatiladi.

Tovuq tuxumi ham keng tarqalgan allergenlar jumlasidan. U ovalbumin, ovomuyeoid, ovotransferrin va ovomutsin oqsillar guruhlarini oʻz ichiga oladi. Bu moddalar molekulyar darajada oʻrganilganda, Gal d1, Gal d2, ovomukoid, Gal d3, Gal d4 allergenlari reaksiyalarni yuzaga keltirishi maʼlum boʻldi.

Baliq — kuchli antigen. Uning goʻshtida parvaalbumin va tropomiozin oqsil guruhlari mavjud. Molekulyar darajadagi oʻrganishlar uning tarkibida Cyp c1, Gad c 1, Gad m 1 allergenlari borligini tasdiqladi.

Bugʻdoy va soya ham baʼzida allergik reaksiyalarni keltirib chiqaradi. Masalan, soya tarkibini molekulyar darajada oʻrganish natijasida uning tarkibida Gly m 1, Gly m 5, Gly m 6 allergenlari mavjudligi aniqlandi.

Goʻsht mahsulotlari orasida esa parranda goʻshti boshqalariga nisbatan koʻproq antigen xususiyatga ega.

Sitrus mevalar, qulupnay va yertut ham koʻproq allergiya qoʻzgʻaydi. Yongʻoqqa allergiyasi boʻlganlarning aksariyati esa ushbu meva daraxti changiga ham taʼsirchan boʻladi.

Kattalarda allergiya rivojlanishiga sabab boʻluvchi oziq-ovqat mahsulotlaridan birinchisi yeryongʻoqdir. Bu mahsulot koʻp hollarda anafilaktik reaksiyani keltirib chiqaradi. Undan soʻng turli xil yongʻoqlar, kunjut, asal, shaftoli, uzum, malina, sabzi, shokolad, kofe va kakao allergiya chiqaruvchi mahsulotlar roʻyxatidan joy olgan.

Allergiyaning asl sababi immunitetning genetik darajada buzilishi hisoblanib, u nasl suradi yoki favqulodda paydo boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер