Qancha aholining ichimlik suvi taʼminoti yaxshilangani ochiqlandi

20:11 23 Yanvar 2022 Jamiyat
828 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2021-yilda bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.

Yigʻilishda Dasturda belgilangan tadbirlarni ijrosi bilan birga atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolarni hal etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Hisobotda taʼkidlanganidek, Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar taʼsirini yumshatishga qaratilgan amaliy harakatlarni qatʼiy davom ettirish orqali Orol dengizining qurigan tubida 2 mln. gektarda yashil qoplamalar barpo etilgan.

Shuningdek, oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan 2021-yil davomida 734 tonna urugʻ, 15 mln dona koʻchat va nihollar tayyorlangan. Qishloq xoʻjaligi ekin maydonlari chetlarida shamol va suv eroziyalaridan himoyalash maqsadida hisobot davrida 250 gektarda ixota daraxtzorlari tashkil qilingan.

Taxtakoʻpir tumanining 5 ta fuqarolar yigʻinida 3,3 ming aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyilgan. Moʻynoq, Qoʻngʻirot va Boʻzatov tumanlaridagi 20 ta tibbiyot muassasasi, 15 ta maktabda suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish ishlari davom ettirilmoqda.

Taqdim etilgan hisobotga koʻra, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 5 ming 892 km ichimlik suv tarmoqlari, 559 ta inshoot qurilib, rekonstruksiya qilingan. Natijada 1,5 mln. nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlanib, 2,9 mln. nafar aholining ichimlik suv taʼminoti yaxshilandi. Markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi yil boshidagi 65,1 foizdan 69,7 foizga yetkazildi.

Yigʻilishda Dasturda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida ijrosi taʼminlangani deputatlar tomonidan yuqori baholandi va hukumatning Davlat dasturining 2021-yilda bajarilishi yuzasidan hisoboti maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер