Qamashida tadbirkor “Egiluvchan tosh” ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi

17:56 05 Aprel 2023 Iqtisodiyot
1902 0

Foto: Xalq so'zi

Mamlakatimizda qurilish mahsulotlariga bo‘lgan talab yuqori. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarni ham shu sohaga sarmoya kiritish, yangi-yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yishga undayotgani sir emas. Natijada qurilish mahsulotlari bozori kun sayin rivojlanib, xaridorlar uchun tanlov imkoniyati oshib bormoqda.

Qamashi tumanining Qishliq mahallasida yashovchi O‘tkir Sultonov ham o‘z tadbirkorlik faoliyatini talabgir qurilish mahsulotlaridan biri – “Egiluvchan tosh” (Gibkiy kamen) ishlab chiqarishdan boshladi. Bino devorlarini pardozlashda ishlatiladigan ushbu mahsulot o‘zining zamonaviy dizayni, foydalanishda qulayligi, issiq yoki sovuq haroratga bardoshliligi, nam o‘tkazmasligi va yana qator jihatlari bilan bozorda xaridorgir.

-  Loyihani yo‘lga qo‘yishdan avval ichki bozor talabini yetarlicha o‘rganib, imkoniyatlarimizni chamalab ko‘rdik, - deydi O‘tkir Sultonov. – Yakunda shu loyihaga to‘xtaldik. Sababi mahsulot uchun asosiy xom ashyo o‘zimizda bor, mahsulotga bozorda talab yuqori, qolaversa, ishni boshlash katta sarmoya talab etmaydi. 
Darhaqiqat, bir nechta zarur qoliplarni sotib olish bilan ish boshlagan tadbirkor ayni vaqtda turli dizayn va o‘lchamdagi “Egiluvchan tosh” gulqog‘ozlarini ishlab chiqarmoqda.

-  Buning uchun toza qumni qushni Kitob tumanidagi tog‘ konidan olib kelamiz, - deydi u. -  Qumga zarur kimyoviy vositalarni qo‘shib, aralashmani qolipda o‘zimiz istagan dizayn va o‘lchamda tayyorlaymiz. Deyarli barcha ishlar qo‘lda bajariladi.

E’tiborli tomoni, sohada biroz tajriba to‘plab, bozorda o‘z o‘rniga ega bo‘la boshlagan tadbirkor endi loyihani kengaytirish ustida bosh qotirmoqda. U kelgusida bankdan kredit olib, ishlab chiqarish hajmini bir necha barobarga oshirish imkonini beradigan zamonaviy texnologiya xarid qilishni rejalashtirayapti.

Jahongir BOYMURODOV,
“Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер