Qamashida 11 ta uzumchilik kooperatsiyasi ochildi

17:18 05 Oktyabr 2021 Jamiyat
179 0

Prezidentimizning 2021-yilning 28-iyuldagi “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilgʻor texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori asosida Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida uzumchilikka ixtisoslashtirilgan 11 ta kooperatsiya tashkil etildi.

– Kooperatsiyalarga 450 gektar yer ajratilib, 450 nafar tashabbuskor fuqaroga 1 gektardan boʻlib berildi,- deydi tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Jasur Abrayev. – Uzumzorlarda fuqarolar oilaviy ish yuritmoqda. Bu, albatta, 450 roʻzgʻorga baraka kira boshlaganidan dalolat beradi. Uzumchilik bilan band boʻlgan aholining 30 foizini yoshlar tashkil etmoqda.

Artezian quduqlari qazilib, uzumzorlarni tomchilatib sugʻorish yoʻlga qoʻyildi. Oʻtgan yilning kuzi va joriy yil bahor oylarida vodiy viloyatlaridan keltirilgan kishmish navli tok qalamchalari ekildi.

– 1 gektar uzumzorda oilaviy mehnat qilyapmiz,- deydi tumandagi Oqrobot qishlogʻida yashovchi Ahmad Abdullayev. – Bu yil tok qator oralariga tarvuz, qovun, oshqovoq va boshqa ekinlar ekib, yaxshi hosil oldik. Toklar yaxshi rivojlanmoqda, tomchilab sugʻorish texnologiyasi oʻrnatilgan, suvda muammo yoʻq. Nasib etsa, kelgusi yil toklarimizning oldi hosilga kirib qoladi.

Yuqoridagi qaror asosida Qashqadaryo viloyatida Kitob, Shahrisabz, Chiroqchi, Yakkabogʻ va Qamashi tumanlari uzumchilikka ixtisoslashtirildi. Uzumchilik sohasi xodimlari tajriba almashish maqsadida Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida bir haftalik amaliy seminarda ishtirok etdi.

Respublika alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi boʻlim boshligʻi Sherali Mirzayevning aytishicha, ilgari 35 gektar yerga 1 ta artezian uchun 120 million soʻm subsidiya ajratilgan boʻlsa, endi shu miqdordagi subsidiyaga 15 gektar yerda artezian qazilmoqda. Agar tomchilatib sugʻorish joriy qilinsa, 8 milliongacha subsidiya beriladi. Bu imtiyozlar mahalliy uzum navlarining milliy brendlarini yaratish va yangi bozorlarga chiqish orqali eksportni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Uzumchilikni rivojlantirish uchun Qashqadaryoda imkoniyat juda katta. Boʻsh yerlar koʻp. Viloyatda ham Oltiariqdagi kabi aholi xonadonlarida, mahallalarda vayish qilinib, 2 ming gektar uzumzorlar barpo etishga kirishildi. Bu boradagi saʼy-harakatlarni voha ahli mamnuniyat bilan qoʻllab-quvvatlamoqda.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?