Qalblarni nurga toʻldiruvchi muqaddas qadamjo

18:38 11 Iyul 2025 Jamiyat
325 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryoning purviqor togʻ yon bagʻrida joylashgan Xonjiza qishlogʻi – yurtimizning eng goʻzal goʻshalaridan biri. Bu yerda tabiat nafasi, toʻlqinli daryo, shamol bilan suhbatlashadigan daraxtlar va eng muhimi, yuz yillar davomida qalblarni nurga toʻldiradigan muqaddas ziyoratgoh bor. Bu Soʻfiy Hisoriy-Xondizagiy ziyoratgohi boʻlib, uning sukutida ham, har bir gʻishtida ham chuqur hikmat yashirin.

Bu yer nafaqat din ahli uchun, balki keng jamoatchilik, tadqiqotchilar, eko va madaniy turizm muxlislarini oʻziga tortuvchi maskanlardan. Har bir ziyorat insonni oʻtmishga, ibratga, toza ruhga oshno etadi.

1878-yil. Sariosiyoning ildiziga choʻkkan Xonjiza qishlogʻida mulla Abdulvohid xonadonida bir chaqaloq tugʻildi. U Soʻfiy Hisoriy-Xondizagiy nomi bilan tarixda qoldi. Bolaligidan ilmga chanqoq, odob-axloqda namuna boʻlgan bu zot keyinchalik Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil olib, tasavvuf yoʻliga kirdi. Toki bu yoʻl uni nafaqat ilm ahli bilan, balki qalblar bilan bogʻladi. U butun hayotini haqiqat va fazilatni yoyishga bagʻishladi. Mantiq, tarix, falsafa va aruz ilmlarini mukammal oʻrgandi.

Aytishlaricha, Soʻfiy hazratlari huzuriga biror yurt kishisi koʻngli siniq boʻlib kelsa, bu yerdan yuragi yumshab, koʻzi yorqin boʻlib qaytgan. Chunki u har bir insonda yaxshilik urugʻini koʻrardi. Uning tilida ham, nigohida ham ruhiy davo bor edi. Uning shogirdlaridan biri aytadi: “Ustoz biror marta odamni malomat qilmadi. Tanqid oʻrniga ibrat bilan taʼlim berdi”.

Uning ukasi – domla Ayniddin ham soʻfiylik ilmini davom ettirgan, ikki olamli ilm sohibi boʻlgan. Bu ikki barkamol insonning qabri bir ziyoratgohda – yonma-yon. Buni xalq “iqbol birligi” deb ataydi. Qabristonda, shuningdek, Muhammad Yusuf Maʼyusiy, Eshoni Safar Xalifa kabi ilmu maʼrifat vakillari ham dafn etilgan.

– Soʻfiy Hisoriy‑Xondizagiy hamda domla Ayniddin bundan 500 – 600-yil muqaddam yashab oʻtgan shayx Nodirmuhammad Samarqandiy avlodlari sanaladi, – deydi qishloq faxriysi Farhod Muhammadiyev. – Tasavvufchi ulamolar bobokaloni yoʻlini davom ettirib, shariat va tariqat ilmlarini chuqur oʻrgangan, shogirdlar tarbiyalab, keng maʼrifat tarqatganlar. Bugungi kunda ulugʻ zotlarning qabrlari xalq orasida ziyoratgoh sifatida eʼzozlab kelinmoqda. 2006-yilda Soʻfiy Hisoriyning “Joʻshishi daryoi dars” sheʼriy kitobi chop etildi. 2018-yilda qishloqdan oqib oʻtuvchi Xursand daryosi boʻyiga, aynan Soʻfiy Hisoriy‑Xondizagiyga nisbatan ehtirom ifodasi sifatida hashar yoʻli bilan maqbara va 100 oʻrinli masjid qurildi. Ziyoratchilar uchun har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratildi. 2019-yil fevral oyidan boshlab, mazkur ziyoratgoh “Vaqf” xayriya jamoat fondining Surxondaryo viloyati boʻlimi tasarrufiga oʻtkazildi. Shu orqali ziyoratgohning faoliyati yanada tizimli, uzluksiz va zamon talablariga mos ravishda yoʻlga qoʻyildi.

Soʻfiy Hisoriy ziyoratgohi – bu faqat tarix emas. Bu – ruh, bu – zamonaviy insonga kerak boʻlgan maʼnaviy orom. Darhaqiqat, bu yerda har nafasda qalb bilan muloqot bor. Bugun bu maskanga nafaqat Surxondaryodan, balki yurtimizning barcha hududidan hamda xorijlik mehmonlar ham kelmoqda.

Tabiatning sof quchogʻida, Xursand daryosining shiviri ostida ziyorat qilgan insonning qalbida goʻyo yangi bir hayot boshlanadi. Shu bois bu joy faqat oʻtmishga emas, kelajakka ham xizmat qiluvchi ruhiy markazga aylangan.

Bugungi tezkor hayotda insonning maʼnaviy ozuqaga boʻlgan ehtiyoji yanada ortib bormoqda. Ana shunday paytda Soʻfiy Hisoriy- Xondizagiy ziyoratgohi bizga tarix orqali ruhiy boylikni, oʻtmishdagi insonlar sabogʻi orqali kelajakdagi qarorlarimizni mustahkamlashni oʻrgatmoqda.

Maʼnaviyat nuridan bahramand boʻlish, shukronalikni anglash, qalbga orom bagʻishlash istagida boʻlgan har qanday ziyoratchi uchun bu maskan eshiklari hamisha ochiq.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер