Qadrini topmayotgan Oʻzbek hammomi
Bugun Qashqadaryo viloyatining sayyohlik salohiyati haqida gap ketganda, koʻpchilikning koʻz oldida Shahrisabz, Yakkabogʻ, Kitob va Qamashi tumanlarining togʻli hududlaridagi soʻlim va bahavo manzillar, Shahrisabz shahridagi tarixiy maskanlar jonlanadi. Qarshi shahridagi Abu Ubayda ibn al-Jarroh, Kitob tumanidagi Hazrati Bashir, Qarshi tumanidagi Abul Muin an-Nasafiy, Kasbi tumanidagi Sulton Mirhaydar, Koson tumanidagi Qusam shayx hamda Qamashi tumanidagi Langar ota ziyoratgohlarini ham xorijiy va mahalliy sayyohlar eng koʻp tashrif buyuradigan obidalar sirasiga kiritish mumkin.
Biroq viloyatning turizm sohasidagi imkoniyatlari faqat shu bilan cheklanib qolmaydi. Hududda tarixiyligi va oʻzining noyob arxitektura yechimlari bilan sayyohlarni jalb etishi mumkin boʻlgan yana 500 ga yaqin qadamjolar, obidalar mavjud. Afsuski ularning aksari bugun eʼtibordan chetda qolib, qadrini topmay kelayotir.
Ana shunday obidalardan biri Qarshi shahrining eski shahar qismida joylashgan Oʻzbek hammomi (xalq tilida Qarshi hammomi)dir. Meʼmorchilikning noyob namunasi boʻlgan ushbu hammom Abdullaxon II davrida, 1592-1593-yillarda qurilgan. U nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyodagi shu vaqtga qadar bus-butun saqlanib qolgan kam sonli tarixiy hammomlardan biri hisoblanadi. Hammomning arxitektura yechimi shu darajada puxta ishlab chiqilganki, unda issiqlikni taʼminlash, tabiiy va juda sodda usulda amalga oshirilgan. U yer sathidan 3 metr pastda qurilgan. Bu uni doimo issiq saqlash imkonini bergan. Asosiy bino toʻgʻri toʻrtburchak shaklida boʻlib, uning boʻylamasiga beshta va eniga uchta xona joylashgan. Xonalar eng yirik gumbazli (balandligi 5,6 metr) markaziy zal atrofida uyushgan.

Ichkariga kirib borarkansiz, dastlab ancha salqin yechinish xonasiga duch kelasiz. Keyingisi dam olish xonasi boʻlib, undagi moʻtadil havo badanni issiq yoki sovuqqa moslashtirgan. Markaziy zal katta gumbaz yoki miyonsaroy uqalash va yuvinishga moʻljallangan. Miyonsaroy qarshisida eng issiq xona suvli xovuz bilan tutash garmxona mavjud. Undan soʻng sovuq va issiq suvli xovuzlarga tutash sovuqxona (xunukxona) uning yonida esa moʻrcha joylashgan.
Bino devorlari suv oʻtkazmaydigan qir qorishmasi bilan suvalgan. Kanalizatsiya tizimi ganch qorishmali pishiq gʻishtdan taxlangan. Hammomda tagxonadan yoqilgan olov tufayli qizitadigan issiq tosh mavjud boʻlgan. Baʼzi bel, suyak ogʻrigʻiga duchor boʻlgan kishilar shu issiq tosh ustiga yotishgan va shifo topishgan. Shunday noyob va katta tarixiy qiymatga ega boʻlgan obida bizga qadar deyarli butun yetib kelgan. Lekin uning bugungi holatiga havas qilib boʻlmaydi. Toʻgʻri, hovlisi chiqindilardan tozalanib, eshigiga qulf osib qoʻyilibdi. Ammo gir atrofini asta-sekin yangi qurilishlari, tadbirkorlik obyektlari oʻrab olmoqda.
Eʼtiborli tomoni, oʻzbek hammomidan yarim chaqirim masofada Odina masjidi, Qilichbek, Bekmir, Abdulazizxon madrasalari joylashgan. Ularning har biri tarixiylik jihatdan juda katta qiymatga ega. Bundan foydalanib, ularni yaxlit bir sayyohlik majmuasiga, doimo gavjum manzilga aylantirish mumkin. Lekin negadir bu imkoniyatlar mutasaddilarni aslo qiziqtirmayapti. Agar eʼtibor qaratilsa, viloyat nafaqat madaniy merosini saqlab qoladi, balki sayyohlik sohasida ham muhim oʻsishni taʼminlagan boʻlardi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring