Qadimiy qabr yonidagi hojatxona. Yoxud manqurtlikning bir koʻrinishi

12:31 23 Fevral 2021 Madaniyat
597 0

Koʻhna Buxoroning boshqa tarixiy shaharlardan ajralib turadigan jihatlaridan biri qadamjo va ziyoratgohlarning benihoya koʻpligidir. Tor koʻchalardan yursangiz har qadamda bir aziz-avliyo, tarixiy shaxs mangu qoʻnim topgan dahmaga duch kelasiz.

Ularning baʼzilari masjidlar, savdo toqlari, madrasalar ichida, ayrimlari shundoq koʻcha yoqasida. Hovlilar ichida saqlanayotganlari ham bor.

Bundan ortiq manqurtlik boʻlishi mumkinmi?

 Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti tayanch doktoranti, yosh tadqiqotchi Shavkat Bobojonovning taʼkidlashicha, bu qadimiy qabrlarga munosabat achinarli ahvolda.

— Taassufki, ayrim qadamjolarni hozirgi kunda ham vayron qilish holatlari uchrayapti, — deydi u. — Mana bir misol.Shaharning Saodat koʻchasida joylashgan, manbalarda XI asrda yashab oʻtgani qayd etilgan Xoja Halimiddin Dehmuniyning qabri atrofida oʻtmishda qabriston boʻlgan. Shoʻro tuzumi davrida bu qadamjo yoʻqotilib, oʻrniga turarjoylar barpo etilgan. Dehmuniyning qabri joylashgan yer esa bundan ikki yil muqaddam qad rostlagan 30-sonli maktabgacha taʼlim muassasasi hududida qoldi. Aniqrogʻi, bogʻcha ziyoratgohning oʻrnini egalladi.

 Eng achinarlisi, muassasaning hojatxonasi avliyo qabri bilan yonma- yon qurilgan. Nechogʻli xijolatli boʻlmasin, aytishga majburmiz: ishchi-xodimlar oʻzlari istamagan holda qadimiy qabr bilan yondosh joyda hojatlarini chiqarishga majburlar.

Bunday “ilgʻor” qurilish ilmiga qanday baho berishni ham bilmaysan, kishi.

 Darhaqiqat, 180 oʻringa moʻljallab qurilgan va bundan ikki yil muqaddam  foydalanishga topshirilgan maktabgacha taʼlim muassasasining bir chekkasida mungʻayibgina Xoja Halimiddin Dehmuniyning qabri turibdi. Nari borsa toʻrt metr narida esa hojatxona.

 Bundan ortiq manqurtlik boʻlishi mumkinmi?!

“Boshimizni ogʻritma” deyishdi

— Bu yerda bir paytlar gumbazli rasadxona, tugʻ, masjid bor edi, — deya eslaydi qadamjoga yondosh hovlida yashovchi Anvar Abdullayev. —Ziyoratchilar tez-tez kelib turishardi. Hammasini yoʻqotishdi. Bogʻcha qurilishi paytida shahar rahbarlari har kuni shu yerda edilar. Bu qadamjoni saqlab qolaylik, uch-toʻrt tup daraxt koʻchatini oʻtqazib, soya- salqin, shinam goʻshaga aylantirsak, ajdodlari ruhi shod boʻladi, ziyoratchilar qadami ham uzilmaydi, deb koʻp bor murojaat qildim. ”Boʻpti, taxlaymiz”, deyishdan nariga oʻtishmadi. Bundan ikki- uch oycha muqaddam shahar hokimi Oʻtkir Jumayevga ham uchrashdim. ”Boshimizni ogʻritma” degan gapni eshitgandan keyin hafsalam sovidi. Savob boʻladi, degan niyatda shu qadimiy qabrni asrab-avaylab turibmiz.

Davlatimiz rahbari ziyorat turizmini rivojlantirish zarurligiga eʼtiborni qaratib turgan pallada qadimiy qadamjoga boʻlgan bunday munosabatni qanday tushunish mumkin?!

Achinarlisi, ziyoratgohga borar yoʻl berk. Kirishga imkon yoʻq. Bu yerdagi yuqori kuchlanishli elektr energiyasi oʻtgan simyogʻoch esa omonat turibdi. Vaholonki, maktabgacha taʼlim muassasasi egallagan keraksiz, koʻrimsiz yotgan chamasi, bir-ikki sotix joy hududning asl egasi boʻlgan qadamjoga qaytarilsa, hojatxona nariga koʻchirilsa, avariya holatidagi simyogʻoch yangilansa, bu yerni ziyoratchilar qadami uzilmaydigan goʻshaga aylantirish mumkin.

Kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi

Mavzudan uzoqlashmagan holda yana bir masalaga eʼtiborni qaratmoqchimiz. Mazkur maktabgacha taʼlim muassasasi yonida qadimiy hovli joylashgan. Hozir bogʻcha bilan uni baland urilgan devor ajratib turibdi. Badavlat kishilar turarjoyi boʻlgan, keyingi paytlarda bolalar bogʻchasi oʻrnida foydalanilgan bu qadimiy uy qarovsizlik oqibatida tutday toʻkilib yotibdi.

— Hovlining ahvolini koʻrib yigʻlaging keladi, kishining, — deydi Anvar Abdullayev. — Bu goʻsha asrab-avaylansa, taʼmirlansa sayyohlar tomosha qiladigan manzilga aylanadi. Loaqal turarjoyga muhtoj insonlarga berilganida  u shunday aftoda holga tushmasmidi...

 Uyning ichki qismidagi bezak ishlari chinakam sanʼat namunasi. Afsuski, egasizlik, loqaydlik  va tashqi taʼsir — yogʻingarchiliklar oqibatida Buxoro yana bir osori atiqasidan mahrum boʻlayapti.
Qachongacha isitmani yashirib, koʻrib, koʻrmaslikka olamiz?

Qadimiy qabrlar ham tarixiy qimmatga ega

— Bugun shahrimizda 10 ta qabriston va 81 avliyoning qabri saqlangan boʻlib, ular baholi qudrat asrab kelinmoqda, — deydi Shuhrat Bobojonov. — Fikrimizcha, har biri tarixiy va meʼmoriy ahamiyatga ega. Qabrlarni tarixchi, sanʼatshunos, restavrator, din ulamolari, arxeologlar va mahalla oqsoqollari bilan maslahatlashgan holda taʼmirlash maqsadga muvofiq.

Suhbatdoshimiz bu haqda bejiz toʻxtalmayapti. Koʻpgina qadimiy qabrlar taʼmirtalab ahvolda. Masalan,Hisor koʻchasidagi avliyo Xoja Hasan Namadpoʻsh qabrini olib koʻraylik. Sh. Bobojonovning taʼkidlashicha, bu qabr hovli ichida. U uy egasi tomonidan asrab kelinmoqda.Bu moʻjaz ziyoratgohga hatto Hindistondan ham ziyoratchilar kelib turishadi.

— Buxoro IX asrda Qubbat ul-islom yaʼni islom dinining qubbasi, XIII asrda Buxoroi sharif yaʼni muqaddas, sharofatli shahar martabalari bilan ulugʻlangan, — deydi yosh tadqiqotchi. — Uning 2020-yilda ISESCO tomonidan Islom olami madaniyati poytaxti deb eʼlon qilinganidan barchamiz xabardormiz. Shunday ekan, tarixiy qimmatga ega muborak qadamjolarni nafaqat buzish, balki bir gʻishtiga tegish ham mumkin emas.

Odamlar orasida “Buxoroni balo-qazolardan avliyolar asraydi”, degan gap bor. Avliyolarimiz qabrini-chi? Ularni biz asramasak, kim asraydi?!

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?