Putin Kimga nima sovgʻa qildi? Filippin—Xitoy tarangligi va Turkiyadan Rossiyaga ogohlantirish (+video)
Assalomu alaykum, xalqaro maydonda yuz berayotgan voqea va hodisalarning qisqacha sharhi “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalarining tahliliy-informatsion dasturida
Putinning KXDRga safari qaridi
Kim Chin In Rossiyaning Ukrainaga urushini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Putin Rossiya Federatsiyasi va KXDR oʻrtasida imzolangan keng qamrovli strategik sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni mamlakatlarning oʻzaro hamkorligini yangi bosqichga koʻtarish imkonini beruvchi hujjat ekanini maʼlum qildi. Agar davlatlarga uchinchi tomon tajovuz qilsa, mamlakatlar bir-biriga yordam beradigan boʻldi. Ammo bu qanday tartibda boʻlishi aniq emas.
Rossiya yetakchisining qoʻshimcha qilishicha, kelishuvlar siyosiy, savdo va sarmoyaviy, madaniy-gumanitar, shuningdek, xavfsizlik sohalariga tegishlidir.
Shuningdek, yetakchilar bir-biriga sovgʻalar taqdim etgan. Rossiya yetakchisi Kim Chin Inni oʻzining sevimli “Aurus”ida sayr qildirib, unga limuzun sovgʻa qildi. Uning koreyalik hamkasbi esa pxunsan zotli ikkita ovchi it hadya qilgan.
Vladimir Putinning Koreyaga ikki kunlik safari 19-iyun kuni qaridi. Shundan soʻng u Vetnamga uchib ketgan.
Rossiya yetakchisi Vetnamda
Shimoliy Koreyadan Vetnamga uchgan Putinni Xanoyda rasmiylar kutib olgan. Putin Vetnamlik kasbdoshi To Lam bilan ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazdi.
Unga koʻra, rasmiy Vetnam Vladimir Putinning qayta hokimiyatga kelishini olqishlaydi. Tomonlar poytaxti Sharqiy Quddusda boʻlgan mustaqil Falastin davlatini yaratish tarafdori. Shuningdek, ular Yaqin Sharqda barqarorlikni mustahkamlash va mintaqaning ichki ishlariga aralashishni qoralashni zarur deb hisoblaydi. Rossiya Federatsiyasi Vetnamning Ukraina inqirozi boʻyicha muvozanatli va xolis pozitsiyasini yuqori baholagan. Shuningdek, ikki hamkor yirik sarmoyaviy loyihalar ustida ishlayotgani, hisob-kitoblarda milliy valyutalardan foydalanishga oʻtayotgani aytilmoqda.
Filippin Xitoyni “qaroqchilik”da ayblamoqda
Janubiy Xitoy dengizida keskinlik kuchayib bormoqda. Bir necha kun avval Filippin va Xitoy dengiz kuchlari xalqaro suv hisoblanuvchi Janubiy Xitoy dengizida toʻqnash kelishdi. Shundan soʻng rasmiy Manila Pekinni “qaroqchilar kabi” harakat qilganlikda aybladi. Bu haqda “Al-Jazeera” nashri xabar berdi.
2016-yilda xalqaro tribunal XXRning Janubiy Xitoy dengizidagi daʼvolari “hech qanday qonuniy asosga ega emas” degan qaroriga qaramay, Pekin oʻz daʼvolarini agressiv tarzda amalga oshirishda davom etmoqda.
Bu esa Uzoq Sharqdagi siyosiy taranglikni yanada jiddiylashtirib yubormoqda.
Isroil oliy kontr-admirali HAMASni yoʻq qilib boʻlmasligini taʼkidladi
Isroil armiyasining oliy vakili kontr-admiral Daniel Hagariy HAMASni yoʻq qilib boʻlmasligini aytdi. Uning taʼkidlashicha, guruhni ushlab turgan narsa mafkuradir, uni esa yoʻq qilishning iloji yoʻq.
Kontr-admiralning ushbu mulohazalar Isroilning “Channel 13” telekanalida efirga uzatilgan. Bunga javoban Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning idorasi tezda oʻz maqsadini HAMASning harbiy va hokimiyat imkoniyatlarini yoʻq qilish ekanligini taʼkidladi. “Isroil mudofaa kuchlari ushbu maqsadga toʻliq sodiq”, deyiladi hukumat bayonotida.
Isroil BMTning Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatish haqidagi rezolyutsiyasini “bir parcha qogʻoz” sifatida tan olmasdan harakat qilmoqda. Hozircha kelishuv nuqtasi topilmadi.
Tel-Aviv armiya rasmiylari, shuningdek, Hagariyning bayonotlari yuzasidan tushuntirish berdi. Ular kontr-admiralning HAMASni mafkura sifatida nazarda tutayotgani va uning soʻzlarini kontekstdan yulib olib tarqatilayotganini iddao qilishgan.
Turkiyadan ogohlantirish
Turkiya Rossiyaga Daish terrorchilari tomonidan rejalangan ikkinchi teraktning oldini olishga yordam beradigan muhim razvedka maʼlumotlarini taqdim etdi. Bu haqda “Daily Sabah” nashri turk matbuotiga tayanib xabar bermoqda.
Maʼlum boʻlishicha, Turkiya milliy razvedka tashkiloti Rossiyani Daishning Moskvadagi gavjum savdo markaziga hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ogohlantirgan.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning mart oyida Moskva yaqinidagi “Crocus City Hall” konsert zalida qonli hujum amalga oshirilgan edi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring