Propan narxi oshirilishi boʻyicha Raqobat qoʻmitasi izoh berdi
Raqobat qoʻmitasi ichki bozorda suyultirilgan gaz (propan) mahsuloti realizatsiyasi bilan bogʻliq holat yuzasidan maʼlumot berdi. Qoʻmitaga koʻra, soʻnggi oylarda import mahsulot ulushining oshishi birja savdolarida oʻrtacha narxning koʻtarilishiga sabab boʻlmoqda.
Maʼlum qilinishicha, 2025-yil davomida birja savdolari orqali jami 358 ming tonna suyultirilgan gaz sotilgan. Uning 61 foizi (219 ming tonna) mahalliy ishlab chiqarish hissasiga, 39 foizi esa import mahsulotga toʻgʻri kelgan.
Shu bilan birga, yil davomida mahalliy mahsulot ulushi keskin kamaygan. Agar yanvar–iyul oylarida mahalliy gazning bozordagi hissasi oʻrtacha 80 foizni tashkil etgan boʻlsa, avgust oyidan boshlab bu koʻrsatkich pasayib borgan. Xususan, 2025-yil dekabr oyida 35 foizga, 2026-yil yanvar oyining oʻtgan davrida esa 10 foizgacha tushib ketgan.
Qoʻmita bu holatni mahalliy mahsulotning aholi va ijtimoiy soha obyektlariga ustuvor ravishda yoʻnaltirilayotgani bilan izohlamoqda.
Maʼlum qilinishicha, mahalliy suyultirilgan gazning boshlangʻich narxi oʻtgan yil davomida deyarli oshmagan. Shuningdek, Qoʻmita tomonidan boshlangʻich narxga 20 foizlik spred va bir savdo sessiyasida 5 tonna xarid limiti joriy etilgan. Natijada mahalliy mahsulotning sotilish narxi bir tonna uchun 7 mln soʻmdan oshmagan. Ayni paytda import gaz narxi 8 mln soʻmgacha shakllangan.
Qayd etilishicha, mahalliy va import mahsulotning boshlangʻich hamda yakuniy sotilish narxi oʻrtasida 40 foizgacha tafovut mavjud. Soʻnggi oylarda import mahsulotga talab oshgani sababli birjadagi oʻrtacha narx aynan import hisobiga shakllanmoqda.
Hozirgi kunda tadbirkorlar tomonidan import gazning boshlangʻich narxi oshirilishi ortidan bir tonna suyultirilgan gazning oʻrtacha narxi 9,5 mln soʻmgacha yetgan. Bu koʻrsatkich dekabr oyiga nisbatan 20 foizga yuqori.
Qoʻmita maʼlumotlariga koʻra, respublikada suyultirilgan gazda harakatlanuvchi avtomobillar ulushi 11 foizni tashkil etadi. Shu bilan birga, avtomobillar uchun sotilgan yoqilgʻi mahsulotlari umumiy hajmining atigi 5 foizi propan hissasiga toʻgʻri keladi.
Qoʻmita ichki bozorda narxlarni barqarorlashtirish maqsadida tezkor chora-tadbirlar koʻrayotganini maʼlum qildi. Yoqilgʻi quyish shoxobchalaridagi narxlar doimiy monitoring qilib borilmoqda.
Rasmiylar ogohlantirishicha, chakana narxlar haqida asossiz maʼlumotlar tarqatilishi yoki narx oshishi boʻyicha xabarlar ichki bozorda yagona narx shakllanishiga va bozor tamoyillarining buzilishiga olib kelishi mumkin.
Qoʻmita ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini narxlar oshishiga turtki boʻlishi mumkin boʻlgan axborotlarni tarqatmaslikka chaqirdi. Koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida qoʻshimcha maʼlumot berib borilishi aytildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sizni ajablantiradigan anʼanalar. Dunyo boʻylab yangi yil qanday nishonlanadi?
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring