Prezidentlar muzokaralarning samarali natijalaridan mamnunligini taʼkidladilar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko muzokaralardan soʻng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.
Tashrif arafasida oʻtkazilgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi, Hududlararo forum va Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishi natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi. Bungacha yetakchi oliygohlar rektorlari va tibbiyot muassasalari rahbarlarining uchrashuvlari boʻlib oʻtgan edi.
Oʻzbekiston Prezidenti jurnalistlar eʼtiborini keyingi yillarda Oʻzbekiston-Belarus hamkorligida roʻy bergan sifatli oʻzgarishlarga qaratdi. Barcha darajalardagi muloqotlar faollashgani, tovar ayirboshlash hajmi, kooperatsiya loyihalari soni oshgani, madaniy-gumanitar almashinuv va toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar qayta tiklangani qayd etildi.
Yetakchilar muzokaralar atroflicha boʻlgani, Oʻzbekiston-Belarus munosabatlarining keng doirasi batafsil muhokama qilingani, koʻp qirrali sheriklikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari, maqsad va vazifalari belgilab olinganini maʼlum qildilar.
Mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, SHHT doirasidagi muloqotni mustahkamlashga tomonlarning intilishi qatʼiy ekani taʼkidlandi.
Tovar ayirboshlashni koʻpaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Yetakchilar uning hajmini yaqin yillarda 1 milliard dollardan ziyodga yetkazish vazifasini qoʻydilar.
Shu maqsadda qoʻshma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish va savdoni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy qilishga kelishib olindi.
Sanoat kooperatsiyasining ustuvor sohalari belgilab olindi. Bular – agrosanoat majmui, elektrotexnika va toʻqimachilik tarmoqlari, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika, shaharsozlik va kommunal xoʻjaligi.
Hududlararo aloqalar salohiyati va imkoniyatlarini samarali ishga solishga alohida eʼtibor qaratildi.
Madaniyat va sanʼat, oliy va professional taʼlim, turizm, yoshlar va sport sohalaridagi faol almashinuvlar davom ettiriladi. Sogʻliqni saqlash borasidagi hamkorlikning aniq yoʻnalishlari belgilab olindi.
Tomonlar navbatdagi tibbiyot, taʼlim va turizm forumlarini tashkil etishga kelishib oldilar.
Erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar Oʻzbekiston bilan Belarus oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishi, koʻp qirrali sheriklikni aniq amaliy mazmun bilan boyitishiga ishonch bildirildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring