Prezidentimiz tashrifi yangi korxonalar bunyod etilishiga zamin yaratadi

20:17 30 Mart 2023 Jamiyat
702 0

Foto: Халқ сўзи

Avval xabar berilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifini Kegeyli tumanidagi “Aqtuba tekstil” korxonasidan boshladi.

Foto: Халқ сўзи

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Qoraqalpogʻistonning shimoliy tumanlariga mamlakatimizning boshqa viloyatlari biriktirilib, hududda iqtisodiyotni tarkibiy oʻzgartirish, ichki investitsiyalarni jalb qilgan holda sanoat, ishlab chiqarish va tadbirkorlikni keng rivojlantirish borasidagi ishlar bugun samarasini bermoqda. Kegeyli tumanining olis ovullarining birida andijonlik tadbirkorlar bilan birgalikda bunyod etilgan “Aqtuba tekstil” korxonasi fikrimiz tasdigʻidir.

Foto: Халқ сўзи

— Oldin ovulimizda shunday korxona qurilishi unda yuzlab xotin-qizlar ishlashi xomxayoldek tuyulardi, — deydi “Aqtuba tekstil” korxonasi trener tikuvchisi Rayxon Davletmuratova. — Buni qarangki, qishloq ayollari uchun orzu boʻlgan ana shunday korxona 4-5 oy ichida bunyod etildi. Dastlabki kunlarda 320 ishchi ishlagan boʻlsa, korxona kengaytirilib, bugungi kunda 500 nafarga yaqin ayollarimiz ishli boʻldi. Ayollarimiz roʻzgʻori uchun qoʻshimcha daromad keltirayotgani, oʻzlarining kamu koʻstini maoshidan toʻldirayotganidan mamnun, albatta.

Foto: Халқ сўзи

Ushbu korxona qurilayotgan paytda hududdagi 20 nafar ayollar Andijonda ish oʻrganib qaytdik. Shundan soʻng hududdagi kasb-hunar kollejida mahallamizning ishsiz ayollarini tikish-bichishga oʻrgatdik. Mana hozir korxonamizning oʻzida kasb-hunarga qayta tayyorlash oʻquv markazi tashkil etildi. Unda hududga yaqin mahallalardagi ishsiz fuqarolarga hunar oʻrgatilmoqda, ayollarga tikishni oʻrgatmoqdamiz.

Bugun hurmatli Prezidentimiz korxonamizga tashrifi davomida ishchi ayollar bilan suhbatlashdilar, biz ishlab chiqarayotgan mahsulotlar bilan tanishish barobarida ishchilarga yaratilgan sharoitlar, xotin-qizlarning ish bilan taʼminlanishining ahamiyati haqida alohida toʻxtalib oʻtdilar. Davlatimiz rahbari bu ishlarni, yaʼni yangi korxonalar barpo etib, xotin-qizlarni ish bilan taʼminlashni davom ettirish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berganida, ich-ichimdan yana yuzlab oilalarga xursandchilik baraka kirar ekanda, deya quvondim. Negaki, ishsizlikni koʻrgan va oʻz uyimga yaqin joyda ishli boʻlgan ayol sifatida men ayollarning oilasi yonida mahallasida ishlab daromad topish baxtini juda yaxshi his qilaman. Aminmanki, Prezidentimizning bu galgi tashrifi ham yaqin vaqtlarda yana koʻplab qoraqalpogʻistonlik ayollarimizni ishli boʻlishiga, yangi korxonalar bunyod etilishiga zamin yaratadi.

Foto: Халқ сўзи

Maʼlumot uchun “Aqtuba tekstil” korxonasining umumiy loyiha qiymati 30 milliard soʻmni tashkil qilib, yiliga 3,4 million dona erkaklar, ayollar va bolalar uchun trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishga moʻljallangan. Korxona Germaniya, Yaponiya va Turkiya davlatlarining zamonaviy texnologiyasi bilan jihozlangan boʻlib, ayni vaqtda tayyorlanayotgan kiyim-bosh, futbolkalar eksport qilish rejalashtirilmoqda.

Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?