Prezidentimiz poytaxtimizdagi sanoat va ijtimoiy soha obyektlari bilan tanishdi, Yoshlar bogʻiga daraxt oʻtqazdi — Fotoreportaj
Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”
Bugun, 19-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi sanoat va ijtimoiy soha obyektlariga tashrif buyuradi, mahalladagi obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, shuningdek, bahorgi daraxt ekish tadbirida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining birinchi manzili Toshkent shahridagi Quyuv-mexanika zavodi boʻldi.
Qirq gektardan ziyod gektar maydonli bu zavod bir paytlar toʻliq ishlamay, past rentabelli boʻlib qolgan edi. Shu bois “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufiga oʻtkazilib, 2013-yilda modernizatsiya qilindi. Soʻnggi yillarda mahalliylashtirish jadal kengayib, uning iqtisodiy samaradorligi yanada oshdi.
Bugun majmua yiliga 1 ming 200 ta yuk vagoni ishlab chiqarish va 1 ming 500 tasini taʼmirlash quvvatiga ega barqaror korxonaga aylandi. Bugun bu yerda yarim ochiq, usti yopiq, uzun bazali hamda don, sement, mineral oʻgʻit tashishga moʻljallangan 6 turdagi yuk vagonlari ishlab chiqarilmoqda.
Metall quyish ogʻir sanoatning eng muhim tarmogʻi, taʼbir joiz boʻlsa, “yuragi” hisoblanadi. Bu yerda 120 million dollar hisobiga quyuv sexi barpo etilgan. U yiliga 26 ming tonna mahsulotlar tayyorlashga moʻljallangan.
Korxonada 2018-2023-yillarda mahalliylashtirish dasturi boʻyicha 100 ga yaqin turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish oʻzlashtirilgan. 2023-yilda jami 267 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan, 10 million dollarlik 170 ta vagon va ehtiyot qismlar eksport qilingan. Joriy yilda eksport hajmini 15 million dollarga yetkazish boʻyicha shartnomalar imzolangan.
Korxonada xalqaro standartlarga muvofiq ISO 9001 sifat menejmenti va ISO 50001 energetika menejmenti tizimi joriy etilgan.
Shundan soʻng Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanida tashkil etilayotgan Yoshlar bogʻiga koʻchat oʻtqazdi.
Maʼlumki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021-yildan buyon “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Jumladan, ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida Toshkentning “yashil belbogʻi” tashkil etilmoqda. Yoshlar bogʻi shu halqaning muhim boʻgʻini boʻladi.
Davlatimiz rahbariga bogʻ loyihasi haqida axborot berildi. Uning maydoni 75 gektardan ziyod boʻlib, hududi jihatidan poytaxtimizda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻidan keyin ikkinchi oʻrinni egallaydi.
Bogʻ yettita katta hududga boʻlinadi. Markaziy xiyobonda turli maydonlar, ming oʻrinli ochiq amfiteatr, milliy va xalqaro gastronomik zonalar barpo etiladi.
Ochiq havoda ovqatlanish va qiziqarli mashgʻulotlar uchun alohida joylar boʻladi. Musiqiy favvoralar, ochiq osmon ostidagi kinoteatr, sanʼat koʻrgazmalari va lazer-shou imkoniyatlari yaratiladi. Bolalar uchun sport va oʻyin maydonlari, mashhur ertaklardagi qishloqlar, ustaxona, kutubxona, sunʼiy koʻl, kanoe va suzish havzasi tashkil etiladi.
Yana bir eʼtiborli tomoni, bu bogʻda tabiiylik, oʻrmon shakli, ekzotik manzara hosil qilinadi. Bogʻ foydalanishga topshirilishi bilan 350 tadan ortiq ish oʻrni yaratiladi.
Shundan soʻng Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent yoʻlovchi vagonlarni qurish va taʼmirlash zavodini borib koʻrdi.
Mamlakatimizda temir yoʻl transporti rivojlanib, qatnovlar soni koʻpaymoqda. Bu vagonlarga boʻlgan talabni ham oshiradi. Mazkur zavodda 16 turdagi yoʻlovchi vagonlari ishlab chiqariladi va taʼmirlanadi.
Oʻtgan yili korxonada 32 ta yoʻlovchi vagoni tayyorlanib, 319 tasi taʼmirlangan. Muhimi, kooperatsiya orqali ehtiyot qismlarning 70 foizi mahalliylashtirilgan.
Umuman, avvalgi yillarda 300 dan ziyod yoʻlovchi va texnik xizmat vagonlari ishlab chiqarilib, 50 dan oshigʻi eksportga yuborilgan. Bundan tashqari, 112 ta metropoliten vagonlari modernizatsiya qilingan.
Ular 28 yil davomida foydalanishga moʻljallangan va xalqaro talablarga toʻliq javob beradi, yoʻlovchilar uchun har tomonlama qulay, yuqori sifat va xavfsizlikka ega.
Davlatimiz rahbarining navbatdagi manzili Yakkasaroy tumanidagi Dilbuloq mahallasi boʻldi. Ayni kunlarda mahallada Navroʻz shukuhi. Bu yerda davlat-xususiy sherikchilik asosida zamonaviy mahalla idorasi qurildi. Koʻp qavatli uylar yoʻlagi va ichki koʻchalar, yertoʻlalar taʼmirlandi. Anhor boʻyi tartibga keltirilib, obod sayilgohga aylantirildi.
Oʻtgan yili kuzda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida qariyb 4 ming tup daraxt va buta koʻchati oʻtqazilgan edi. Shu kunlarda koʻp qavatli uylar oldidagi maydonlarga rayhon, namozshomgul kabi gullar ekildi.
Dilbuloq mahallasida 6 ming 700 nafardan ziyod aholi yashaydi. Mahalla xizmat koʻrsatish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Uch yuzga yaqin savdo, sanoat va xizmat koʻrsatish shoxobchalarida mahalliy yoshlar va ayollar ishlamoqda. Maktabgacha taʼlim tashkiloti, oilaviy poliklinika, ixtisoslashtirilgan sport maktabi, pedagogika instituti filiali faoliyat yuritmoqda.
“Xavfsiz mahalla” tamoyili asosida hududga 360 ta videokuzatuv moslamalari oʻrnatilgan, ular mahalla profilaktika inspektori xizmat xonasiga ulangan.
Oʻtgan yili 112 kishi ishga joylashtirilib, 181 nafari oʻzini-oʻzi band qilgan. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 23 ta loyihaga kredit va oʻnga yaqin fuqaroga subsidiya ajratilgan.
Davlatimiz rahbari ushbu majmualarni koʻzdan kechirdi, mahalla ahli bilan samimiy suhbatlashdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev nogironligi boʻlgan bolalar uchun 1-sonli «Muruvvat» internat uyini borib koʻrdi.
Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat. Bu xalqimizning azaliy qadriyatlariga, bugungi insonni qadrlash tamoyiliga mos. Soʻnggi besh yilda «Muruvvat» uylariga davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar 3 barobardan ziyod oshgan. Ulardagi xodimlar va oʻrinlar soni ham koʻpaytirilgan.
Aholiga sifatli xizmat va yordam koʻrsatish maqsadida oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilgan edi. Pansionat, reabilitatsiya markazi kabi koʻplab ijtimoiy muassasalar qatori «Muruvvat» uylari ham ushbu agentlik tizimiga oʻtkazildi.
Oʻtgan yili bunday muassasalar uchun davlat byudjetidan 624 milliard soʻm ajratildi. Shuningdek, ularni dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash uchun avvalgiga qaraganda ikki barobardan ortiq mablagʻ berilmoqda.
Ilgari «Muruvvat» uylari oʻrtasida hamkorlik boʻlmagan. Hozir ular oʻzaro fikr almashib, samarali usullarni, taʼlimdagi tajribalarni tatbiq etmoqda.
Davlat gʻamxoʻrligi natijasida Toshkentdagi ushbu «Muruvvat» uyi ham yangi qiyofaga kirdi. Qoʻshimcha bino qurilib, eski binolar kapital taʼmirlandi. Yozgi sport zali, nogironlarni parvarishlash va jismoniy davolash boʻlimlari, tibbiyot va mashgʻulot xonalari, faollar zali, kutubxona, yotoqxona va oshxona butunlay yangilandi. Har bir boʻlim, maxsus xonalar talab darajasida jihozlandi. Harakatlanishi qiyin bolalar maxsus aravachalar bilan taʼminlandi.
Muassasada ruhiyatida sezilarli nuqsoni bor 4 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bolalarga tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatiladi. Bugungi kunda 299 nafar oʻgʻil-qiz vasiylikka olingan. Ularga 334 nafar xodim, jumladan, malakali pedagog, defektolog va shifokorlar yordamlashmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring