Prezidentimiz eʼtiboridan behad ruhlandik

12:29 20 Fevral 2025 Jamiyat
122 0

Biz rivojlanishning shunday bosqichiga qadam qoʻydikki, endilikda har bir davlatning mavqeyi tabiiy boylik bilan emas, balki intellektual salohiyatga bogʻliq boʻlib qoldi. Yurtboshimiz “Iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish uchun bizga yuqori malakali muhandis-texnologlar suv bilan havodek zarur”, degan soʻzlarida ayni hikmat mujassam. Intellektual salohiyat bugunning muammosini yechib, ertani koʻruvchi mutaxassis demakdir.

Shu maqsadda men tahsil olayotgan Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti negizida “Mahalliylashtirish va innovatsion rivojlantirish markazi” faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. U “NKMK” AJ tasarrufidagi Navoiy mashinasozlik zavodi hududida tashkil etilgan boʻlib, mahalliylashtirish dasturi doirasidagi ilmiy-tadqiqot loyihalarini amaliyotga tatbiq etadi. Yaʼni, bitiruv malakaviy ish mavzularimiz ushbu loyihalar asosida amalga oshirilib, bitiruv malakaviy ish himoyasi ham ishlab chiqarish korxonasining yetuk mutaxassislari ishtirokida oʻtkaziladi.

Bu jarayonlar ixtirochilik faoliyatimizni qoʻllab-quvvatlash, startap gʻoyalar ustida ishlashimizga keng imkoniyat yaratmoqda. Xususan, ishlab chiqarish korxonasida tashkil etilgan yosh ixtirochilar klubida tengdoshlarim bilan “3-D” printerlar, dron texnologiyalari va boshqa nanoqurilmalar hamda dasturlar yordamida sanoat sohasidagi turli dolzarb masalalarning innovatsion yechimlari ustida ishlayapmiz.

Maʼlumki, “3-D” printerlarni qoʻllash sohasi hamda koʻlami tobora kengayib bormoqda. Ayni paytda universitetning oʻzida aholi va tadbirkorlarga “3-D” printer, “3-D” skanerlash xizmatlari koʻrsatish imkoniyatlari mavjud. Shu bilan birga taʼlim muassasalari uchun mahalliy xom ashyodan import oʻrnini bosuvchi arzon oʻquv qurollari tayyorlash, mashinasozlik dastgohlari va ulkan kon mashinalarini (“BelAZ”) masofadan boshqarish imkoniyatlarini yaratish masalalari ustida ishlamoqdamiz.

Yaqinda Davlatimiz rahbari faol yoshlar bilan oʻtkazgan muloqotida “Bugungi kunda biz mard va matonatli xalqimizga, sergʻayrat yoshlarimizga ishonganimiz uchun oʻz oldimizga katta-katta maqsadlar qoʻymoqdamiz, marrani baland olmoqdamiz”, deya har bir inson oʻz iqtidori orqali xalqimiz farovonligi, taraqqiyotimiz barqarorligini taʼminlashi yoʻlida bir qator vazifalarni belgilab berdi. Ushbu ezgu gʻoyalar biz yoshlarni ruhlantirib, yangi-yangi marralar sari qanot boʻladi.

Aslbek RAVSHANOV,

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti

Energo-mexanika fakulteti 3-kurs talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер