Prezident yuksak unvon, orden va medallarni oʻz egalariga topshirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan muloqot oʻtkazmoqda. Tadbirga barcha hududlardan 40 mingdan ziyod pedagoglar ulangan.
Soʻzining avvalida davlatimiz rahbari oʻz hayotini yosh avlodga taʼlim va tarbiya berishdek dunyodagi eng ulugʻ ishga bagʻishlab kelayotgan barcha muallim, professor va oʻqituvchilarni – bir millionlik pedagoglar jamoasini ana shu qutlugʻ bayram bilan samimiy muborakbod etdi.
Oʻtgan hafta jonkuyar oʻqituvchi va murabbiylar, taʼlim va ilm-fan fidoyilarining bir guruhini davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlash haqida Prezident farmoni imzolandi.
Ular orasida soha xodimlari bilan bir qatorda oʻz mablagʻi hisobidan taʼlim maskanlari qurgan, taʼmirlagan saxovatpesha tadbirkorlar, taʼlimdagi ilgʻor yutuqlarni joriy qilishga koʻmaklashayotgan xorijiy hamkorlarimiz, hududida taʼlim rivoji uchun zarur sharoit yaratib berayotgan hokimlar ham bor.
Davlatimiz rahbari yuksak unvon, orden va medallarni oʻz egalariga topshirdi.
Soʻnggi sakkiz yilda taʼlim va tarbiya sohasida ham oʻn yillarga teng keladigan ishlar amalga oshirilib, ulkan natija va yutuqlarga erishilgani taʼkidlandi.
Oʻtgan davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 2 karra oʻsdi, yil yakuni bilan jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetadi. Yalpi ichki mahsulot hajmi ham yil oxirigacha 130 milliard dollar boʻladi.
Barcha tarmoqlarga zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar kirib kelayotgani hisobiga bu yil eksport 25 milliard dollarga olib chiqiladi. Oʻtgan 8-yilda esa mamlakatimizga 130 milliard dollar xorijiy sarmoya kiritildi.
Eʼtiborlisi, ilgari investitsiya asosan xomashyo resurslariga kiritilgan boʻlsa, hozir har bir sohada yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish, infratuzilmani yaxshilashga yoʻnaltirilyapti.
“Men bu iqtisodiy koʻrsatkichlarga nima uchun koʻp toʻxtalyapman? Chunki iqtisodiyot qanchalik mustahkam boʻlsa, taʼlim rivojlanadi. Taʼlim sifati yuqori boʻlgan mamlakatda esa iqtisodiyot barqaror oʻsadi. Bu – hayot qonuni!”, dedi davlatimiz rahbari.
Oʻtgan sakkiz yilda taʼlim va ilm-fanga xarajatlar 6 karra oshirilib, 378 trillion soʻm mablagʻ ajratildi. Oltin-valyuta zaxiralarimiz Oʻzbekiston tarixida ilk bor 50 milliard dollarlik marradan oshdi.
“Iqtisodiyotimiz barqaror oʻsyapti, resurs va zaxiralarimiz ham yetarli.
Bu – bogʻcha, maktab, texnikum va oliygohlar qurish, taʼlim va ilm dargohlarini zamonaviy jihozlash, ustoz va murabbiylarning moddiy manfaatdorligini muntazam oshirib borishning kafolati emasmi?!
Bir soʻz bilan aytganda, taʼlim sifatini oshirish hamda ustoz va murabbiylarning mehnat va yashash sharoitini yaxshilash islohotlarimizning eng ustuvor yoʻnalishi boʻlib qoladi.
Zero, Yangi Oʻzbekistonda eng muhim soha – taʼlim, eng hurmatli insonlar – oʻqituvchi va murabbiylardir!”, dedi Prezident.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring