Prezident Shavkat Mirziyoyevning Shayxontohur tumanidagi manzillarga tashrifidan fotojamlanma

00:32 13 May 2023 Siyosat
2082 0

Foto: Hasan Paydoyev, «Xalq so‘zi»

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholining turmush sharoitlari, bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida Toshkent shahrining Shayxontohur tumaniga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari dastlab Samarqand darvoza mahallasida barpo etilgan kasbga yo‘naltirish markazida bo‘ldi. Bu yerda yoshlar va ayollarga savdo, marketing, moliya, axborot texnologiyalari sohalaridagi zamonaviy kasblar o‘rgatiladi. Keyinchalik ularning yuqori daromadli ish topishiga ham ko‘maklashiladi.

Davlatimiz rahbari ushbu markazdagi sport-sog‘lomlashtirish majmuasini ham kirib ko‘rdi. Unda yopiq suv havzasi va sport zali mavjud.

Davlatimiz rahbarining Shayxontohur tumanidagi ikkinchi manzili nodavlat ta’lim muassasasi bo‘ldi.

Ming o‘rinli bu maktab ingliz tili, sharq tillari va aniq fanlarni o‘rgatishga ixtisoslashgan. Muassasada o‘quv va kompyuter xonalari, STEM laboratoriyasi, kutubxona, oshxona, sport zali, basseyn mavjud. Maktabdagi o‘quv va mashg‘ulotlar mamlakatimizda yoshlarni kamida ikkita xorijiy til va bitta hunarga o‘rgatish talabiga mos. Maxsus jihozlangan xonalarda o‘quvchilar tikuvchilik, duradgorlik, kompyuter sirlarini o‘rganmoqda. Yoshlarning qiziqishlariga mos turli to‘garaklar ham tashkil etilgan.

O‘quvchilar bilan muloqotda bilim eng yaxshi investisiya ekani, davlat yoshlarning zo‘r mutaxassis bo‘lib, kelajakda yo‘lini topishi uchun barcha sharoitlarni yaratishi qayd etildi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumanidagi Jangoh mahallasida bo‘ldi.

Mamlakatimizda quyi tizimga qaratilayotgan e’tibor ushbu mahallada ham namoyon. Fuqarolar yig‘ini binosi, ko‘p qavatli uylar zamonaviy qiyofaga ega. Maydonchalar va ichki yo‘llar tekislanib, atrofi obodonlashtirilgan. Bolalar o‘yingohi va avtoturargoh tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari bu ishlarni ko‘zdan kechirdi. Mahalla raisi va vakillari bilan suhbatlashdi.

– Mahallada “beshlik” tizimini joriy qilib, keng imkoniyatlar berdik. Bugun ular aholi bilan davlat o‘rtasida ko‘prik. Bu ko‘prik qancha adolatli, shaffof, mustahkam bo‘lsa, xalqimiz shuncha rozi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Hasan Paydoyev, «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?