Prezident Shavkat Mirziyoyev Ijtimoiy rivojlanish boʻyicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etadi

19:36 02 Noyabr 2025 Siyosat
429 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan 3-4-noyabr kunlari Ijtimoiy rivojlanish boʻyicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻladi.

Tadbir davomida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi mavjud tafovutlarni bartaraf etish, Ijtimoiy rivojlanish toʻgʻrisidagi Kopengagen deklaratsiyasining maqsad va tamoyillariga sodiqlik, shuningdek, 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirish masalalari koʻrib chiqiladi.

Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, milliy strategiyalarni takomillashtirish va jamiyatlarning barqarorligi, ijtimoiy adolatliligi va inklyuzivligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.

Ijtimoiy rivojlanish boʻyicha Jahon sammiti davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, BMT tizimidagi tuzilmalar, fuqarolik jamiyati institutlari, ekspertlar va ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi konstruktiv muloqot uchun muhim platforma boʻlishga qaratilgan.

Forumning asosiy maqsadi qashshoqlikka barham berish boʻyicha global saʼy-harakatlarni faollashtirish, toʻliq va samarali bandlikka koʻmaklashish, munosib mehnat sharoitlarini taʼminlash hamda zamonaviy tahdidlar va oʻzaro bogʻliqlik sharoitida ijtimoiy integratsiyani kengaytirishdan iborat.

Sammit yakunida barqaror va inklyuziv ijtimoiy taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirish borasida xalqaro sheriklikni yanada mustahkamlash hamda oʻzaro kelishilgan yondashuvlarni rivojlantirishga qaratilgan Doha deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер