Prezident Shavkat Mirziyoyev Forish tumanidagi “Basalt Uzbekistan” klasteriga tashrif buyurdi

13:52 08 Aprel 2024 Siyosat
247 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-aprel kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi. Birinchi manzil Forish tumanidagi “Basalt Uzbekistan” klasteri boʻldi.

Forish hududi boʻyicha viloyatda eng katta tuman. Lekin yerdan foydalanish samaradorligi ancha past edi. Adir va yaylovlarda, asosan, chorva boqilib, sanoat korxonasi yoʻq edi.

Yetti yil avval Forishga sanoat kirib keldi — Olmossoy konidan bazalt toshini qazib olib, undan tola tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Noyob, innovatsion texnologiya asosida qurilish sanoati uchun muhim boʻlgan armatura va setkalar ishlab chiqarila boshlandi.

Davlatimiz rahbari 2019-yil yanvar oyida bu korxonaga tashrif buyurib, uning faoliyatni yanada kengaytirish, mahsulotlar turini koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi.

Shu asosida bozordagi talab, xomashyo olinadigan konlar oʻrganildi. Germaniya, Fransiya, Italiya, Chexiya kabi davlatlardan eng zamonaviy texnologiyalar keltirildi. Natijada 300 gektar maydonda umumiy qiymati 498 million dollarlik oltita loyiha tashkil etilib, korxona klasterga aylandi.

Davlatimiz rahbari xomashyo toshlari va tayyor mahsulotlarni koʻzdan kechirdi.

Klasterda yiliga 177 ming tonna bazalt toshidan maxsus tola, direkt roving, fibra, armatura, kompozit geosetka, quvurlar, mato va issiqlik-izolyatsiya plitalari kabi 42 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Jumladan, oʻtgan yili 45 ming tonna 554 milliard soʻmlik mahsulot tayyorlangan. Ularga dunyoda talab yuqori. Mahsulotlarning 80 foizi AQSH, Angliya, Polsha, Italiya, Chexiya, Gruziya, Rossiya, Turkiya, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi davlatlarga eksport qilingan.

Klasterda 1 ming 700 dan ortiq kishi ish bilan taʼminlangan.

Mutaxassislarning aytishicha, bazaltdan tayyorlangan qurilish materiallari zanglamaydi. Yengil, lekin mustahkam. Beton qorishmalarining ishqorli muhitiga, tuzli va kislota aralashmalariga chidamli. Devorga bazalt materiali ishlatish mustahkamlikni oshiradi, binoda issiqlikni yaxshi saqlaydi. Yonuvchan emasligi yana bir muhim tomoni. Shu bilan birga, mahsulot narxi ham nisbatan arzon.

Ushbu mahsulotlarni kommunal xoʻjaligi, avtomobilsozlik, toʻqimachilik, neft-gaz va boshqa tarmoqlarda qoʻllash boʻyicha taqdimot qilindi.

Prezidentimiz buning afzalliklarini tadbirkorlarga tushuntirish, ularning oʻzaro hamkorligini rivojlantirish boʻyicha koʻrsatma berdi. Yangi davlatlarga sifat sertifikatlari olib, tashqi bozorga chiqishni yanada faollashtirish, xalqaro qurilish va sanoat kompaniyalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidladi.

Kelgusi yil klasterning korxonalaridan biri – “Basfiber treyd” tomonidan yiliga 25 ming tonna bazalt toshidan tola va mato ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Hozirgi paytda 145 million dollarlik zarur uskunalar keltirilgan. Bu yangi loyiha asosida ishlab chiqarilgan mahsulot ichki ehtiyojni qoplash bilan bir qatorda, 90 foizi eksportga yoʻnaltiriladi.

Mutasaddilarga shu yerning oʻzida 500 million dollarlik, qoʻshilgan qiymati yuqori boʻlgan 20 turdagi yangi loyihalarni joylashtirish vazifasi qoʻyildi. Natijada qoʻshimcha 2 mingta ish oʻrni paydo boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?