Prezident saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand saylov okrugi hududida 1115 ta saylov uchastkasi tuzildi

18:13 24 May 2023 Jamiyat
573 0

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda okrug hududida saylov uchastkalari tuzish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Saylov kodeksining 10-moddasiga ko‘ra, saylov uchastkalari saylovchilarga mumkin qadar ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida tumanlarning, shaharlarning, shaharlardagi tumanlarning chegaralari inobatga olingan holda tuziladi.
Shuningdek, harbiy qismlarda, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa stasionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida ham saylov uchastkalari tuziladi.
Majlisda saylov uchastkalarining tartib raqamlari belgilangan holda okrug bo‘yicha 1115 ta saylov uchastkasi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Jumladan, eng ko‘p saylov uchastkalari Samarqand shahri (176 ta) va Urgut tumanida (129 ta), eng kami Kattaqo‘rg‘on shahri (33 ta) va Paxtachi tumanida (43 ta) tuzildi.

Saylov uchastkalarining 894 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida, 58 tasi kollej, lisey va texnikumlarda, 37 tasi mahalla fuqarolar yig‘inlarida, 53 tasi tibbiyot, sanatoriy va dam olish muassasalarida, 2 tasi muruvvat uylarida, 16 tasi oliy o‘quv yurtlari binolarida, 12 tasi harbiy qism va ozodlikdan mahrum etish muassasalarida faoliyat olib boradi.

Majlisdan so‘ng o‘tkazilgan brifingda komissiyaning faoliyati haqida ma’lumot berildi.

Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?