Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi

10:50 26 May 2025 Jamiyat
103 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalliy sanoatni rivojlantirish boʻyicha kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida bugungi tahlikali va noaniqliklarga toʻla sharoitda har bir mamlakat, avvalo, eng koʻp ish oʻrinlari yaratadigan sohalarni himoyalash choralarini koʻrayotganini taʼkidladi.

Shu munosabat bilan tashqi bozordagi tebranishlar sharoitida 1 millionga yaqin aholi ishlayotgan toʻqimachilik, qurilish materiallari, mebelsozlikni qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyotimizning yana bir “drayveri” boʻlishi kutilayotgan zargarlik sanoatiga yangi surʼat bagʻishlash muhimligi qayd etildi.

Oʻtgan 4 oyda sanoat 6,3 foizga oʻsib, 290 trillion soʻmga yetdi.

“Bu – hozirgi murakkab sharoitda oʻz vaqtida koʻrilgan choralar natijasi. Lekin 29 ta tumanda ishlab chiqarish 4,5 trillion soʻmga kamaygan. Bu kichkina raqamlar emas”, dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, sanoat, eksport va tushum boʻyicha “respublika – tarmoq – viloyat – tuman” vertikal tizimidagi masalalar oʻz vaqtida va toʻliq hal qilinganida sanoatda yana 2 foizlik oʻsishga erishish mumkin edi.

Masalan, oʻtgan 4 oyda Payariqda sanoat qariyb 2 baravarga, Paxtachida 38 foizga pasaygani oqibatida ishlab chiqarish 210 milliard soʻmga kamaydi.

Poytaxt sanoatining uchdan birini beradigan Sergeli va Yashnobodda 300 milliard soʻmlik mahsulot kam ishlab chiqarilgani bois Toshkent shahri sanoatida 1,1 foiz oʻsish boy berildi.

Oʻrtachirchiq, Qibray, Parkent, Ohangaron tumanlari, Angren, Bekobod shaharlaridagi 25 ta hududiy korxona oʻtgan yilgidan 1 trillion soʻmga kam mahsulot chiqargani bois, 30 million dollar eksport yoʻqotildi.

Yoki yanvar mart oylarida sanoatda oʻsish qilgan Qarshi, Mirishkor, Bulungʻur, Dangʻara, Oʻzbekiston, Xiva tumanlari aprelga kelib koʻrsatkichlarini keskin tushirib yuborgan.

Shu munosabat bilan uch kun muddatda “respublika – tarmoq – viloyat – tuman” vertikali boʻyicha har bir masalani tezkor hal qilish uchun respublikadan aniq masʼullarni belgilash va joylarga yuborish topshirildi.

Vertikal boʻyicha qaysi boʻgʻinda muammo yechilmasa, oʻsha tizim masʼullaridan soʻrov qattiq boʻlishi haqida ogohlantirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер