Prezident raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025-yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boshlandi

10:49 13 Dekabr 2024 Siyosat
153 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025-yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boshlandi.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida yangi ijtimoiy himoya tizimini tashkil etishda Oʻzbekistonga yaqindan koʻmaklashayotgan BMTning mamlakatimizdagi doimiy koordinatori Sabine Maxl, YUNISEF vakolatxonasi rahbari Rexina Mariya Kastijio va Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakovaga bugungi yigʻilishda ishtirok etayotganlari uchun alohida minnatdorlik bildirdi.

Qayd etilganidek, joriy yilda 102 ta ijtimoiy xizmat mahalla darajasiga tushirildi.

Masalan, oldin odamlar protez uchun har xil komissiyalar va poliklinikada 2 oy sarson boʻlgan boʻlsa, hozir bu masala 2 haftada mahallada hal boʻlmoqda. Shuni oʻzidan 100 ming odamni ogʻiri yengil boʻldi.

Odamlar protezni 95 ta ishlab chiqaruvchi orasidan elektron tizimda oʻzi tanlayapti, raqobat va sifat ham yaxshilandi.

Nogironligi bor bolalarga qarab turish xizmati yoʻlga qoʻyilib, murojaatlar mahallada qabul qilinayapti. Bu 700 nafar ota-onani ishlashiga sharoit yaratdi. Harakatlana olmaydigan 4 ming nafar yolgʻiz keksalar aniqlanib, ularga uyini oʻzida qarab turish yoʻlga qoʻyildi.

Mahalladagi ijtimoiy xodimlar uyma-uy yurib, shu yil reyestrda boʻlmagan yana 95 ming muhtoj odamga yordam koʻrsatdi.

51 ming odamga nogironlik belgilandi, 26 mingi protez oldi, nogironligi bor 5 ming bola bogʻcha-maktabga joylashdi.

Bundan tashqari, muhtoj boʻlmaganlarga asossiz nafaqa toʻlashning oldi olindi, qisqargan xarajatlar byudjetda qoldirildi.

Uch oy oldin viloyat va tumandagi 14 ming rahbar 75 ming kambagʻal oilaga biriktirilib, ular bilan individual ishlash yoʻlga qoʻyildi.

Natijada, shu kunga qadar kambagʻal oilalardagi 17 ming odam doimiy ishga joylashtirildi, tadbirkorlik va tomorqa orqali 14 ming aholining daromadi oshirildi, 30 ming bola bogʻcha, toʻgarak va kasbga oʻqitish bilan qamrab olindi, 45 ming muhtoj aholiga tibbiy yordam koʻrsatildi.

Yigʻilishda hamma rahbarlar ham ehtiyojmand aholini ishli qilib, daromadini koʻpaytirish, ularga manzilli ijtimoiy xizmat va yordamlar koʻrsatishni toʻgʻri tashkil qila olmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Xususan, kambagʻal oilalarga biriktirilgan rahbarlarning 1 ming nafari natija koʻrsata olmadi. 184 nafari ushbu oilalar xonadoniga biror marta ham bormagan.

Nogironligi bor shaxslar bandligi darajasi respublikada 20 foizga yetgani bilan, bu ishlar Jalaquduq, Chimboy, Pastdargʻom, Chortoq va Denov tumanlarida qoniqarsiz.

Mutasaddilarga ushbu tumanlarni namunali qilish, har bir masʼulga aniq vazifa belgilash topshirildi.

Shuningdek, kelgusi yil Investitsiya dasturiga kiradigan 598 ta ijtimoiy obyekt loyihasi nogironligi bor odamlarga moslab ishlab chiqilmagani tanqid qilindi.

Ushbu viloyat, tuman hokimlariga xatolarni toʻgʻrilash topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер